Dunyo Aylanni juda tez unutdi – Erdo‘g‘an

Olam

image

Shu kunlarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 74-sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Unda ishtirok etayogan davlatlar rahbarlarining nutqi orasida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning chiqishi ajralib turdi. Erdo‘g‘an Turkiya muammolariga emas, dunyoni larzaga keltirayotgan terroristik tashkilotlar, Suriyadagi urush, ayrim mamlakatlardagi ochlikka e’tibor qaratdi. 

“Turkiya 5 million qochoqni bag‘riga oldi. Buning 3 million 650 ming nafarini Suriyadan kelgan qochoqlar tashkil etmoqda. Oxirgi 8 yilda ular uchun 40 milliard AQSH dollari sarfladik. Yevropa Ittifoqidan bizga berilgan moddiy yordam esa 3 milliard yevrodir. 

Mamlakatimizga urush o‘choqlaridan qochib kelgan kishilarning 365 ming nafari Suriyadagi xavfsiz hududlarga qaytarildi. Suriyalik qochoqlarning yarmi 18 yoshga yetmaganlar. Turkiya zaminida tug‘ilgan suriyalik qochoqlar bolalari esa 500 mingga yaqinlashdi. Biz ularga faqatgina quchoq ochmadik, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi xizmatlarni ko‘rsatib kelyapmiz. 

Dunyo esa hayotini saqlab qolish uchun O‘rtayer dengizi orqali chegalarga bosh urib kelgan millionlab qochoqlarni juda tez unutdi”, deydi Turkiya Prezidenti. 

Erdo‘g‘an bundan 4 yil avval O‘rtayer dengizi sohillaridan jonsiz holda topilgan 3 yashar Aylan Kurdi nomini tilga oldi. U qo‘lida Aylanning suratini tutib shunday dedi: 

“Siz bu suratda ko‘rib turgan bolakay Aylanni dunyo juda tez unutdi. Unutmangki, ayni hol sizning ham boshingizga tushishi mumkin. Chunki, Aylan kabi bolalar bitta emas, minglab, millionlab topiladi. Biz esa bunday voqealarga qarshi chora-tadbirlarni hozirdanoq olishimiz kerak”.

Ma’lumot o‘rnida, 2015 yil 2 sentyabrda O‘rtayer dengizi orqali Gretsiyaga o‘tib ketmoqchi bo‘lgan suriyalik qochoq oila halokatga uchragan edi. Oilaning 3 yoshli farzandi – Aylan Kurdining jasadi Turkiyaning Bodrum yaqinidagi qirg‘oqdan topildi.
 
To‘lqinlar jasadni qirg‘oqqa olib chiqqan. Bolakayning jonsiz tanasi tasvirlangan suratlar tarqalib, bu mash’um voqea butun dunyo e’tiborini tortgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

365

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing