Prezident dorilarning noqonuniy aylanishiga doir qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni ilan quyida tanishing.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Dori vositalarining noqonuniy aylanishi va ularning suiiste’mol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aylanishini tartibga solishni takomillashtirish, shuningdek, aholining sog‘lig‘ini saqlashni ta’minlash, har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining:

2019 yil 1 dekabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan alohida dori vositalari buyum-miqdor jihatdan hisobga olinishi lozim va ularning chakana realizatsiyasi (berilishi) faqat ijtimoiy dorixonalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish (berish) faoliyatiga litsenziyasi mavjud bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi;

shifokor retsepti bo‘yicha beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar, shu jumladan, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalarining noqonuniy chakana savdosi holatlariga barham berish bo‘yicha tekshirishlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga xabar berish tartibida, Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali amalga oshirilishi;

kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi qoshida tashkil etiladigan idoralararo ekspert guruhi (keyingi o‘rinlarda – ekspert guruhi) takliflari asosida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi tartibini o‘rnatish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxati va ekspert guruhining tarkibini tasdiqlasin.

3. Belgilansinki:

kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalarini berish uchun yozilgan retseptlar dorixonalarda bir yil davomida saqlanadi;

mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’i nazar tibbiyot tashkilotlarida bemorga retseptli dori vositalarini belgilangan tartibda retseptni rasmiylashtirmasdan tayinlash taqiqlanadi;

2020 yil 1 yanvardan boshlab dori vositalari va tibbiy buyumlarning realizatsiya (berish) jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida video-yozuvlarni saqlash dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishdagi litsenziya talabi hisoblanadi (qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari hududida joylashgan dorixonalar va ularning filiallari bundan mustasno), mazkur talabning muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) buzilishi litsenziyaning amal qilishini o‘rnatilgan tartibda tugatish uchun asos bo‘ladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Ichki ishlar vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

dori vositalarining notibbiy maqsadlarda iste’mol qilinishi ustidan doimiy monitoring olib borsin va zarur hollarda ekspert guruhiga tegishli takliflarni kiritish choralarini ko‘rsin;

ikki oy muddatda dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni takomillashtirishga oid, shu jumladan, retsept bo‘yicha dori vositalarini berish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi xodimlari shtatining umumiy cheklangan soni doirasida, dori vositalari va tibbiy buyumlarning chakana savdosiga qo‘yiladigan litsenziya talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlashga javobgar bo‘lgan xodimlarning shtat sonini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga farmatsevtika mahsulotlari harakatini nazorat qilish va hisobga olishning axborot tizimini (keyingi o‘rinlarda – Axborot tizimi) yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning yetarli darajada emasligi va natija bermayotganligi ko‘rsatib o‘tilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Axborot tizimini belgilangan muddatlarda joriy etish jarayonini faollashtirsin va jadallashtirsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

uch oy muddatda Dori vositalari va tibbiy buyumlarga elektron tarzda retsept berish axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda – Elektron retsept berish tizimi)ni joriy etish bo‘yicha texnik hujjatlarni ishlab chiqsin va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUKka kiritsin;

2021 yil 1 yanvarga qadar Elektron retsept berish tizimi, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida joriy etilishini ta’minlasin va uni Axborot tizimi bilan integratsiyalash imkoniyatini nazarda tutsin.

8. Belgilab qo‘yilsinki:

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Elektron retsept berish tizimining buyurtmachisi hisoblanadi;

2021 yil 1 martdan boshlab Elektron retsept berish tizimi mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’i nazar Toshkent shahridagi barcha tibbiyot tashkilotlari va dorixonalari uchun, 2022 yil 1 martdan boshlab esa bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida qo‘llanilishi majburiy hisoblanadi;

Elektron retsept berish tizimini ishlab chiqish, joriy etish va keyinchalik qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, axborotlashtirish ob’ektlarini tekshiruvdan o‘tkazish, texnik va loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash, server, kommutatsiya va kompyuter uskunalarini xarid qilish “Sog‘liqni saqlash” tarmog‘i uchun ajratiladigan byudjet ajratmalari doirasida, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va donor mamlakatlarning mablag‘lari, davlat-xususiy sheriklik shartnomasi doirasida xususiy sherik mablag‘lari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligining asoslantirilgan hisob-kitoblari bo‘yicha bir oy muddatda axborotlashtirish ob’ektlarini tekshiruvdan o‘tkazishga, texnik va loyihaoldi hujjatlarini tayyorlashga hamda Elektron retsept berish tizimini ekspertiza qilishga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019 yildagi “Sog‘liqni saqlash” tarmog‘i uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 fevralga qadar Elektron retsept berish tizimini ishlab chiqish va joriy etishni belgilangan tartibda moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va donor mamlakatlarning mablag‘lari jalb etilishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasida Elektron retsept berish tizimini ishlab chiqish, joriy etish va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni mazkur qarorning talablarini hisobga olib hamda mas’ul ijrochilar va aniq muddatlarni belgilagan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda ikki hafta muddatda dori vositalari, shu jumladan, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini shifokor retseptisiz iste’mol qilishning salbiy oqibatlari to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari va internet-resurslarda axborot-targ‘ibot ishlarini keng ko‘lamda tashkil etish bo‘yicha media-rejani tasdiqlasin, bunda shu bilan birga jamiyatda sog‘lom turmush tarziga rioya etish yuzasidan maxsus ruknlar va mavzuga oid materiallar joylashtirilishi nazarda tutilsin.

12. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2019 yil 6 sentyabr


Maqola muallifi

Teglar

qaror dori

Baholaganlar

7

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made