O‘zbekistonda SSSRdagidek tartib tiklanadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda sobiq Ittifoq davrida bo‘lgani kabi oliy ma’lumotli kadrlarni mamlakatning chekka hududlariga ishlash uchun yuborish amaliyoti tiklanadi. Bu haqda QALAMPIR.UZ`ga O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari, Urbanizatsiya agentligi direktori Jasur Aripov ma’lum qildi.

Sovet Ittifoqi davrida OTMni tamomlagan talabalarning mamlakatning boshqa hududiga borib ishlashi bo‘yicha qat’iy tizim yo‘lga qo‘yilgandi. Mustaqillik davrida bu tartib unutilib ketdi. 

“Biz O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish Konsepsiyasini tuzish vaqtida ishni shu masaladan boshlagan edik. Hozir o‘sha rejalarimizni hayotga tatbiq qilish ishlari ketyapti. Bu masala vazirlik darajasida ko‘rib chiqilyapti. Masalan, davlat grantida o‘qigan odam bilan shartnoma tuzib, biror joyga jo‘natish mumkin. Bu usul Sovet Ittifoqida ommalashgandi. Bir narsani ochiq aytish kerak. Bugungi kunda bizda oliy ta’lim darajasi bo‘yicha ko‘rsatkichlarimiz juda past. Hatto, Qozog‘istonda 60 foizdan ortiq. Bizda esa 20 foizga ham bormaydi. Bugungi kunda biolog, texnik-muhandis, shifokor mutaxassislar yetishmaydi. Bizda moliyachi, iqtisodchi va ma’lum darajada yuristlar ko‘p”, dedi Aripov.

Qayd etish kerakki, SSSRdagidek tartib saqlanib qolgan mamlakatlar hamon bor. Masalan, Turkiyada. Istanbulda o‘qigan talaba mamlakatning narigi chekkasidagi qishloqqa ishlashga yuborilishi mumkin. Bu har qaysi sohaga aloqador, u xoh ta’lim, tibbiyot yoinki, harbiy soha bo‘lsin.

Bugun O‘zbekistonda infratuzilmaning hisobiga barcha Toshkentga to‘planyapti. Bunga hududlarda infratuzilmaning shakllantirilmagani sabab bo‘lyapti. Holatni o‘zgartirish uchun ta’sirli choralar ko‘rish kerak bo‘ladi, albatta.

“Biror viloyatdan kelib, o‘qigan odam asosan infratuzilma shakllangan joyda yashab qolishga harakat qiladi. Bizning holatimizda bu – Toshkent. Viloyatlarda bizda mutaxassislar yetishmaydi. Buni bartaraf qilish uchun biz shunday sharoit yaratishimiz kerakki, viloyatdan Toshkentga kelib o‘qigan O‘zbekiston fuqarosi ortga qaygach rag‘bat bo‘lsin. Masalan, Andijon viloyatida ro‘yxatda turuvchi fuqaro Sirdaryo viloyatida ishlay olsin. Bilasizmi, Andijon viloyatining hududi kichik lekin umumiy aholining 10 foizini qamrab olgan. U yerdagi aholi zichligini tasavvur qila olasizmi? Ularda iqtidorli kishilar ko‘p. Faqatgina o‘tgan yili andijonlik sportchilar turli musobaqalarda 2 mingdan ortiq medal va sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. Bularning orasida bokschilar, kurashchilar bor. Yana ularning barchasi o‘sha yerda yashaydi. Nega ular boshqa viloyatda yashamaydi, ijod qilmaydi va ishlamaydi? Axir, buning iloji bor, biz bir mamlakatda yashayapmiz. Konsepsiyasini o‘qib chiqsangiz unda biz odamlarni o‘z xohishi bilan kam aholili joylarga ko‘chib borishga qiziqtirish uchun ijtimoiy paketlar, ma’lum sharoitlarni yaratishimiz belgilangan. Maqsadli, lekin o‘z xohishi bilan”, deb fikr bildirdi Agentlik direktori Aripov.


Maqola muallifi

Teglar

urbanizatsiya Jasur Aripov

Baholaganlar

284

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing