Turkiyadan zararli organizmlar bilan olib kelingan 23 200 dona olma ko‘chatlari yoqib yuborildi

Jamiyat

image

Buxoro viloyatining “Buxoro 2 TIF” O‘simliklar karantini chegara maskanida Turkiya davlatidan import qilingan 23 200 dona olma ko‘chatlari inspeksiya xodimlari tomonidan karantin tekshiruvidan o‘tkazildi.  Ushbu ko‘chatlarda karantindagi zararli organizm mavjudligiga shubha qilinib, O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining Markaziy laboratoriyasiga yuborildi. Ekspertiza xulosasiga binoan,  ko‘chatlarning ildiz qismida O‘zbekiston uchun karantindagi  “Bo‘rtma nematoda” zarali organizmi mavjuligi aniqlandi va tegishli karantin choralari ko‘rilishi yuzasidan xulosa berildi.  

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, ushbu ildiz bo‘rtma nematoda pomidor, bodring, sabzi, piyoz, g‘o‘za ekinlari, gilos, o‘rik va boshqa turdagi mevali daraxtlarni kuchli zararlaydi. Lichinkalarining rivojlanishi natijasida o‘simlik butunlay nobud bo‘ladi. Ayni paytgacha dunyo bo‘yicha “Bo‘rtma nematoda”lar bilan 2000 turga yaqin turli oilaga mansub madaniy va yovvoyi o‘simliklar zararlanishi aniqlangan bo‘lib, bu holat yil sayin ortib bormoqda. Hududga kirib kelgan nematoda nafaqat mavjud hosilni nobud qiladi, balki sug‘orish, texnika va tuproq orqali boshqa dalalarga ham tarqaladi. 

“O‘zdavkarantin” inspeksiyasining taqdimnomasiga muvofiq, olma ko‘chatlari keltirilgan hududda karantin holati e’lon qilindi hamda Buxoro viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining maxsus poligonida tegishli tashkilotlarning mas’ul xodimlari ishtirokida mazkur import mahsulot yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasiga muvofiq, tadbirkorlar karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishda karantin ruxsatnomasi, eksport qiluvchi mamlakatning o‘simliklar karantini va ularni himoya qilish bo‘yicha davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitariya sertifikati yoki guvohnomasini olishlari shart.  


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Olma ko'chatlari

Baholaganlar

193

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing