Qanday qilib xodimni masofadan ishlashga o‘tkazish mumkin? 

Bu qiziq

image

Koronavirus bo‘yicha karantin ish beruvchilarni bandlikning masofaviy shaklidan foydalanishga majbur qildi. Mehnat qonunchiligi talablarini buzmagan holda qanday qilib xodimlarni masofadan ishlashga jo‘natish mumkin?

Sh kabi savollarga yuridik fanlari nomzodi, Mehnat kodeksi mualliflaridan biri Mixail Yusupovich Gasanov javob berdi.

- Masofadan ishlashga o‘tkazishni ish beruvchining tashabbusi bilan amalga oshirsa bo‘ladimi?

Ham ish beruvchi, ham xodim masofadan ishlash rejimidan foydalanish tashabbusi bilan chiqishi mumkin. Asosiysi, ushbu masala yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishishdir.

- Ya’ni, hatto hukumat komissiyasi qarorlari, fors-major, jamoat transporti harakatining to‘xtatilishi – asos emasmi va xodimning roziligini olish lozimmi?

Bilishimcha, xodimlar odatda masofadan ishlashni rad etishmaydi. Ikkita muhim omilning mavjudligi, bu boshqa masala:

•  faqat masofadan ishlay oladigan xodimlarga nisbatan masofadan ishlash rejimini o‘rnatish mumkin;

•  xodimning uyida ishlash uchun sharoitlar (kompyuter, internet) mavjud bo‘lishi kerak. Ushbu sharoitlarni zarurat bo‘lganda ish beruvchining o‘zi tashkillashtirishi mumkin.

- U xodimlarga kompyuterlar taqdim etishi va boshqa sharoitlar yaratishi mumkinmi yoki baribir shartmi?

Xodimni masofadan ishlash rejimiga o‘tkazishda ish beruvchi xodimda buning uchun sharoitlar mavjudligini (kompyuter, aloqa vositalari va bunday rejimda ishlash uchun boshqa zarur qurilmalar) aniqlab olishi darkor. Aynan shuning uchun ba’zi tashkilotlar masofadan ishlashga o‘tkazilganlarga kompyuterlar taqdim etishdi va ularga bir martalik ishonchnoma rasmiylashtirishdi.

Xodim unga ishonchnoma bo‘yicha topshirilgan mol-mulkni qaytarmaguncha unga nisbatan to‘liq moddiy javobgar bo‘ladi.

- To‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risida shartnoma tuzish zarurmi?

Yo‘q, shartnoma zarur emas. To‘liq moddiy javobgarlik bevosita pul yoki tovar qimmatliklariga xizmat ko‘rsatadigan xodimga rasmiylashtiriladi. Qachonki bir martalik ishonchnoma ish beruvchiga tegishli mol-mulk nomuayyan muddatga topshirilgan har qanday xodimga rasmiylashtirilishi mumkin. Namunaga qarang.

- Xodimning masofadan ishlashga o‘tkazilishini qanday qilib to‘g‘ri rasmiylashtirish mumkin?

Qonun hujjatlari ushbu savolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobni o‘z ichiga olmagan. Uni hal qilishda quyidagi holatlarga e’tibor qarating:

quyidagilarga xodimning roziligini olish zarur:

- uni masofadan ishlashga o‘tkazish;

- bunday rejimda ishlash muddati;

- uni bajarish shartlari;

xodimning roziligi ikki xil usulda olinishi mumkin:

- xodim tegishli ariza berishi mumkin;

- xodim bilan mehnat shartnomasiga qo‘shimcha kelishuv tuzish mumkin;

ish beruvchi xodimni masofadan ishlash rejimiga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqarishi va uni xodimga tanishtirishi kerak;

ko‘p sonli xodimlarni masofadan ishlashga o‘tkazish yagona buyruq bilan rasmiylashtirilishi mumkin.

- Qay biri to‘g‘riroq: ariza ko‘rinishida xodimning roziligini olishmi yoki  mehnat shartnomasiga qo‘shimcha kelishuvni rasmiylashtirishmi?

Men ta’kidlab o‘tganimdek, xodimning masofadan ishlashga o‘tishini rasmiylashtirish qonunchilik bilan tartibga solinmagan. Shu bois xodimning roziligi ham uning ariza berishi vositasida, ham qo‘shimcha kelishuv rasmiylashtirish bilan ifodalanilishi mumkin.

Shu bilan birga amaliyotda ko‘p tashkilotlar ushbu masalani hal qilgan holda, fikrimcha, boshqa ishga doimiy yoki vaqtincha o‘tkazishlarni rasmiylashtirish tartibiga o‘xshash ishni amalga oshirishmoqda.

MKning 96-moddasi 1-qismiga muvofiq, boshqa doimiy ishga o‘tkazish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Mehnat shartnomasiga kiritilgan o‘zgartirishlar bunday buyruq chiqarishga asos hisoblanadi. Amaliyotda bunday o‘zgartirishlar mehnat shartnomasiga ko‘shimcha kelishuv tarzida rasmiylashtiriladi.

Boshqa ishga vaqtincha o‘tkazishlar muddati ko‘rsatilgan holda buyruq bilan rasmiylashtiriladi. Xodimning arizasi mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bilan vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqarish uchun asos hisoblanadi. Vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishlar mehnat shartnomasida aks ettirilmaydi .

Agar gap xodim uchun doimiy masofadan ishlash rejimi o‘rnatilishi xususida borsa, mehnat shartnomasiga qo‘shimcha kelishuv tuzish va tegishli buyruq chiqarish to‘g‘riroq bo‘ladi.

Agarda masofadan ishlash xodim uchun vaqtincha joriy etilsa, xodimning yoki uning uchun muayyan muddatga masofadan ishlash rejimi o‘rnatilishini so‘rab, yoxud shunday rejim o‘rnatilishiga roziligi (uning o‘rnatilishiga qarshi emasligi) to‘g‘risidagi bergan arizasi buyruq chiqarishga asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Koronavirus pandemiyasi sharoitlarida vaqtinchalik masofadan ishlashga o‘tkazishni rasmiylashtirishning bunday tartibi ma’qul bo‘ladi. Shubhasiz, hozir qarorni tezkorlik bilan qabul qilish kerak. Mehnat shartnomasiga qo‘shimcha kelishuvlarni tuzish esa muayyan vaqt sarflashni talab etadi. Ayniqsa, bir vaqtning o‘zida ko‘p sonli xodimlari masofadan ishlashga o‘tkaziladigan tashkilotlarda.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus masofadan ishlash

Baholaganlar

31

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing