Otabek Umarov Triatlon federatsiyasiga rahbar bo‘ldi

Jamiyat

image

Bugun, 7 mart kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston triatlon federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi rahbariyati va mutasaddilari, hakamlar, sportchilar ishtirok etdi. Bu haqda MOQ Matbuot xizmati xabar berdi.

Kun tartibidan o‘rin olgan eng asosiy masala federatsiya raisi va unga birinchi o‘rinbosar saylash jarayoniga o‘tildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi lavozimga Otabek Muhammadaliyevich Umarov nomzodi ilgari surildi. Konferensiya ishtirokchilari bir ovozdan ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qildilar. Shu tariqa, Otabek Umarov O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi. Qolaversa, Otabek Umarovning birinchi o‘rinbosari lavozimiga sobiq sportchi, triatlon bo‘yicha ko‘plab xalqaro musobaqalar ishtirokchisi, hozirda tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan Farrux Nosirov nomzodi ilgari surilib, bu inson ham bir ovozdan yangi lavozimga saylandi.

“Menga mana shunday imkoniyat berilganidan mamnunman. Yurtimizda triatlon sportini rivojlantirishga, uning ommaviyligini ta’minlashga bor kuch-g‘ayratimni ishga solaman. Yurtimizda iste’dodli sportchilar ko‘p. O‘ylaymanki, ularni saralab olib, jahon arenalarida munosib ishtirok etishlari va sovrindorlar qatoridan joy olishlarida tajribam as qotadi. Biz kelajakda Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma olibgina qolmasdan, sovrindorlar qatoridan joy oladigan atletlar tarbiyalashga va’da beramiz”, deydi Farrux Nosirov.

Yig‘ilish davomida MOQ rahbari Umid Ahmadjonov ham triatlon sportining faoliyatiga to‘xtalib o‘tdi.

“Tan olish kerak, oxirgi paytlar triatlon bo‘yicha maqtangudek natijalar yo‘q. Shu bois Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan ushbu sport turini yanada rivojlantirib, sportchilarning shug‘ullanishlari uchun zamonaviy moddiy-texnik bazani yaratib beramiz. O‘ylaymanki, ushbu sport turi bo‘yicha kelajakda jahon arenalarida munosib ishtirok etadigan atletlar yetishib chiqadi”, dedi Umid Ahmadjonov.

Shuningdek, konferensiya davomida MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov, triatlon bo‘yicha Osiyo kubogi kumush medali sohibi Shohruh Yunusov so‘zga chiqib o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Shu tariqa, O‘zbekiston triatlon federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o‘z ishini yakunladi.

Ma’lumot uchun, Otabek Umarov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyevaning turmush o‘rtog‘idir. Shahnoza Mirziyoyeva bugungi kunda Maktabgacha ta’lim vazirligida faoliyat olib boradi.


Maqola muallifi

Teglar

Otabek Umarov triatlon

Baholaganlar

115

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made