Iroq poytaxtiga tashlangan bombalar, “Real”ning “el-klassiko”dagi g‘alabasi – voqea-hodisalarning qisqa dayjesti

Olam

image

Jahon yangiliklari

Misr. Mamlakatda koronavirusga chalinishning yana bir holati qayd etildi. U xorij fuqarosida aniqlangan. U karantinga olingan. Misr Sog‘liqni saqlash vazirligining vakili Xolid Mugahedning bayonotida aytilishicha, "vazirlik hozirda zarur testlarni o‘tkazib, bemor bilan aloqada bo‘lganlarga nisbatan qattiq profilaktik choralar ko‘rmoqda". Mugahedning so‘zlariga ko‘ra, bu Misrdagi ikkinchi holat. Birinchi bemor koronavirusdan shifo topgan, unga uyiga javob berilgan.

Filippin. Magnitudasi 5,7 bo‘lgan zilzila mamlakatning sharqida qayd etildi. Tabiiy ofat mahalliy 5:19 da (Toshkent vaqti bilan 11:19) bo‘lib o‘tgan. Zilzila markazi Leyti provinsiyasidagi Kapukan munitsipalitetidan 8 km. shimoli g‘arbda bo‘lgan. Vayronagarchilik va jabrlanganlar haqida ma’lumot mavjud emas.

Iroq. Dushanba oqshomida bir nechta reaktiv raketa Iroq poytaxtidagi hukumat idoralari va elchixonalar joylashgan “yashil zona”ga kelib tushdi. Jabrlanganlar va moddiy zarar haqida ma’lumotlar hozircha ma’lum qilinmagan. Voqeadan bir necha o‘n daqiqa oldin Iroq Bosh vaziri sifatida tayinlangan Muhammad Tavfiq Alyaviy yangi hukumat tuzish uchun parlament tasdig‘ini olmagach, iste’foga chiqqani ma’lum bo‘lgan edi.

Gretsiya. Lesvos orolida muhojirlar bilan bog‘liq vaziyatni yoritishda ish olib borayotgan xorijiy ommaviy axborot vositalarining ikki nafar jurnalistiga hujum qilindi. Gretsiya hukumati yangi hujumlarning oldini olishi kerak, deb ma’lum qildi xorijiy matbuot muxbirlari uyushmasi FPA. Mamlakatda jurnalistlarga, shu bilan birga, xorijiy OAVga kasb vazifalarini bajarish vaqtida ko‘plab hujumlar bo‘lmoqda. Politsiya bunday hujumlarga guvoh bo‘lsa-da, qoidaga binoan voqeaga aralashmaydi.

Argentina. Mamlakat Prezidenti Alberto Fernandes yaqin kunlarda abortni qonuniylashtirish uchun qonun loyihasini Kongressga taqdim etishini ma’lum qildi. "Keyingi o‘n kun ichida men abortni qonuniylashtirish to‘g‘risida qonun kiritaman", dedi davlat rahbari. Fernandesga ko‘ra, rasmiylar ayollarni qo‘llab-quvvatlashlari kerak.

O‘zbekiston xabarlari

Boshlang‘ich sinflarning o‘quv soatlari Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqlashtirildi. Shu sababli, 1-4-sinflarda “Jismoniy tarbiya” fanining haftalik o‘quv yuklamasi 1 soatdan belgilandi. 10-11-sinflarda “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fanining haftalik o‘quv yuklamasi ham 1 soat etib tasdiqlandi.

2020 yilning 2-3 mart kunlari O‘zbekistonga Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, XKP MQning Tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi Kanselyariyasi rahbari Yan Szechi boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyuradi. Bo‘lajak muzokaralarda oliy va yuqori darajalardagi uchrashuvlar chog‘ida yerishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning borishi hamda ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan xalqaro tashkilotlar doirasidagi munosabatlarni rivojlantirishning istiqbollarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar mavsumiyligini inobatga olib, dissertatsiyalarda ikki yillik ilmiy-amaliy dala tajribasi natijalari qamrab olinishini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jaligi sohasi magistratura mutaxassisliklari o‘quv jarayonini yanvar oyidan boshlash rejalashtirilgan. Bu haqida Toshkent davlat agrar universitetini 2030 yilgacha bo‘lgan innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2020 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” loyihasida so‘z boradi.

Futbol

La-liga. Ispaniya chempionatining 26-turi doirasidagi markaziy o‘yinda “Real” Madridda “Barselona”ga qarshi o‘yinadi. Murosasiz kechgan bahsda “qirollik klubi” ishonchli 2:0 hisobida zafar quchdi. Turning qolgan uchrashuvlarida quyidagi natijalar qayd etildi:
“Espanol” – “Atletiko” - 1:1
“Sevilya” – “Osasuna” 3:2

A Seriya. Italiya chempionatining 26-turida “Atalanta” safarda “Lechche”ga qarshi bahs yuritib, 2:7 hisobida g‘olib kelgan bo‘lsa, “Kalyari” klubi “Roma”ga 3:4 hisobida yengildi.

APL. Angliya Premer-ligasi 28-turi doirasida "Everton" o‘z maydonida "Manchester Yunayted" klubini qabul qildi. Qiziqarli kechgan uchrashuvda durang qayd etildi – 1:1. Yana bir uchrashuvda “Vulverhempton” safarda “Tottenhem” mehmoni bo‘ldi va kutilmagan g‘alabani qo‘lga kiritdi. Murosasiz kechgan bahsda mehmonlar 2:3 hisobida g‘alaba qozonishdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

53

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made