Ergashev G‘iyosovni Buxoroga borib “do‘pposlamoqchi”

Intervyu

Professional boksdagi ko‘p yillik faoliyati va bir qator salmoqli natijalari bilan muxlislar mehrini qozongan o‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashev ayni kunlarda mashg‘ulotlardan qisqa tanaffus olgan.

Oxirgi marta yarim yil oldin OAVga katta intervyu bergan Ergashev atrofida juda ko‘p shov-shuvli mavzular, ochiqlanmagan ma’lumotlar to‘planib qolgandi. Qisqa muddatga Toshkentga kelgan Shohjahon Ergashev QALAMPIR.UZ'ga intervyu berib, o‘zi bilan bog‘liq qator gap-so‘zlarga izoh berdi. Jumladan, bir necha yildan buyon boks ishqibozlarida katta qiziqishlarga sabab bo‘layotgan Ergashev va G‘iyosovning o‘zaro jang o‘tkazishi mumkinligi haqidagi shov-shuvli yangiliklar, Ergashev faoliyatining ertasi va qiyin hayot yo‘liga oid savollarga sportchidan aniq javoblar olindi.

Sportchining ta’kidlashicha, Shahram G‘iyosov vaziyatga real qaramog‘i lozim. Ijtimoiy tarmoqlardagi “videojanglar”dan foyda yo‘q, yaxshisi masalani tezroq ringda hal qilish kerak. Ergashev Shahram G‘iyosov bilan kerak bo‘lsa, Buxoroda, G‘iyosovning mahallasida jang o‘tkazishga tayyor. 

Aksariyat o‘zbekistonlik muxlislarni yana bitta savol o‘ylantiradi. Nega professional boksda ajoyib natijalar qayd etayotgan Shohjahon Ergashevning havaskor boksdagi faoliyati esda qolarli darajada bo‘lmagan? Ergashev nimaga Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etmagan? 

Yuqorida keltirilgan savollarga sportchi aniq va lo‘nda javob berib, kelgusida boksdagi aniq rejalarini ham ma’lum qildi.

Aytishicha, u Elliminator jangida qatnashib, o‘z vazn toifasi kamarini tezroq O‘zbekistonga olib kelish niyatida. Ergashevning 20 yillik faoliyati, uning profboksdagi mag‘lubiyatsiz seriyasi va ko‘p yillik mehnatlari nihoyat uni o‘z vaznida jahon boksi cho‘qqisiga olib chiqishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Shohjahon Ergashev 1991 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. 2015 yilda profboksda faoliyatini boshlagan sportchi hujumkor janglari bilan mashhurlikka erishdi. Hozirgi vaqtda Ergashev yarim o‘rta vaznda IBF kamari uchun asosiy nomzod hisoblanadi. O‘zbekistonlik bokschi britaniyalik Jek Ketterolga Elliminator jangi uchun rasmiy taklif yuborgani ma’lum bo‘lgandi, Ketterol esa Ergashevga qarshi ringga chiqishni istamayapti, biroq bu holat uzoqqa cho‘zilmasligi aniq.

Shohjahon Ergashev bilan videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Shohjahon Ergashev Shahram G'iyosov boks

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing