Ozoda Nursaidova “otarchi” ham odammi deganlarga javob qaytardi

Madaniyat-san’at

image

Ma’lumki, oxirgi 3-4 kun ichida san’atkorlarning xayriya qilishi masalasi ijtimoiy tarmoqlarda dolzarb mavzu bo‘lib turibdi. Avvaliga jurnalist Sherzod Qudratxo‘jayev efir orqali ta’na va dashnomga to‘la maktubni o‘qib eshittirdi. Unda san’atkorlarga otarchi tamg‘asi yopishtirilib, ular xayriya qilmayotganlikda ayblangandi. 

Butun dunyo, jumladan O‘zbekiston xalqi boshiga kelgan og‘ir kunlarda saviyasizlarcha mayda narsalar bilan o‘ralashish, birovning cho‘ntagiga mo‘ralashni ko‘pchilik yoqlamadi. Bu orada “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi san’atkorlar 352 million so‘mlik xayriyani amalga oshirganini aytib chiqdi. O‘tgan vaqt oralig‘ida esa bu xayriyalar 1 milliard 70 million so‘mdan oshdi.

Xonanda Ozoda Nursaidova ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali san’atkorlarga nisbatan “otarchi” tamg‘asini bosayotganlarga quyidagicha munosabat bildirdi: 

“Otarchi” ham odammi deganlarga: San’atkorni otarchidan olib, otarchiga solib, ijtimoiy tarmoqlarda haqoratlab, o‘ziga hayp qilayotgan, ruscha qilib aytganda, “divannыy kommentator”! Siz avval o‘zingizga savol bering: men men o‘zim shu yurt yoki mahallam uchun nima qildim deb. Har kim boshqadan ayb qidirmay, o‘zi uchun javob bersa, o‘shanda to‘g‘ri va adolatli bo‘ladi”, deb yozadi Ozoda Nursaidova. 

Xonandaning qayd etishicha, san’atkorlar xayriya masalasida ikki xil fikr o‘rtasida sarson. Xayriya qilinayotgani ko‘rsatilsa, maqtanchoqlik deyiladi, ko‘rsatilmasa, nega xayriya qilmading deb izza qilinadi.

“Qilsang, maqtanma deb gapirishadi. Ko‘rsatmay qilsang, qilmading deb izza qilishadi. Bu nimasi? Biz nega bunchalik maydalashib ketdik? Eng qizig‘i, bunday gaplar aksariyat erkaklarimizdan chiqyapti. San’atkorning topganini sanaysizu nega mashaqqati bilan qiziqmaysiz, uni xarajatini hisobga olmaysiz. U ham sizga o‘xshagan odam. Uning ham o‘ziga yarasha muammo va tashvishlari bor. Hozirgi og‘ir vaziyatda hamma soha vakillari, to‘g‘rirog‘i shu yurtning har bir farzandi jipslashib, birdam bo‘lishi kerak paytda kerakmi bunday haqoratli postlar, izohlar? Qachongacha bir-birimizdan ayb qidirib, bir-birimizning oyog‘imizdan tortamiz”, deydi xonanda Ozoda Nursaidova. 

Eslatib o‘tamiz, san’atkorlarning “otarchi” deyilishiga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham munosabat bildirgan edi. 

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 8 aprel kuni Ozoda Nursaidovaning 13 yillik “zapret”dan keyingi ilk yakkaxon konsert dasturi start olishi kerak edi. Koronavirus pandemiyasi sabab boshqalar qatori Ozoda Nursaidovaning ham konserti bekor qilindi. 


Maqola muallifi

Teglar

Ozoda Nursaidova

Baholaganlar

1078

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing