ISMda Usmon Qur’onini saqlash uchun billur pavilon qurish taklif qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda saqlanayotgan nodir qo‘lyozma – Usmon Qur’oni, shuningdek, markaziy zallardagi avizolarni joylashtirish uchun Toshkentda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazida billur pavilon qurilishi mumkin. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabar bermoqda. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda nafaqat O‘zbekiston, balki butun musulmon dunyosi uchun katta madaniy va ma’rifiy ahamiyatga ega noyob bino barpo etish maqsadida Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi boshlab yuborilgan edi. 

Qariyb 10 gektar maydonda bunyod etilayotgan ushbu markazdan muzey va ko‘rgazma zallari, kutubxona va arxiv, kompyuter va axborot texnologiyalari xonalari, qo‘lyozmalar, xattotlik bo‘limlari, islomiy merosni saqlash, tadqiqotlar va ishlanmalar, xalqaro hamkorlik va chet tillarni o‘rganish bo‘limi, qo‘lyozmalarni tiklash laboratoriyasi ham o‘rin oladi. 

Markaz dunyoda eng katta qadimiy qo‘lyozmalar, litografik kitoblar, tarixiy hujjatlar, O‘zbekistonda va chet ellarda saqlanadigan din va ta’limga oid nashrlar, shuningdek, 100 mingdan oshiq kitob va qo‘lyozmani jamlagan kutubxonaga ega bo‘ladi.

Markazni yaratish jarayonida ilg‘or xalqaro tajribadan foydalanish muhimligini inobatga olgan holda, O‘zbekistonning Rimdagi elchixonasi ushbu sohaga keng bilim, amaliy tajriba va texnik imkoniyatlarga ega yetakchi Italiya kompaniyalarini loyihada ishtirok etishga jalb qilish bo‘yicha ish olib bordi.

Xususan, Italiya va Yevropaning shisha va billurlaridan yirik mahsulotlarni ishlab chiqarish ixtisoslashgan “iDogi” kompaniyasi, tabiiy marmar ishlab chiqarish va o‘rnatishga ixtisoslashgan "Margraf" kompaniyasi, shisha va yoritish buyumlari bo‘yicha tanilgan "Lasvit" brendi, arxitektura va interer dizayni bo‘yicha yuqori tajribaga ega GTArchitects kompaniyasi va Novello Giardini landshaft dizayni kompaniyalari bilan hamkorlikda ish olib boriladi. Ularning vakillari bir necha marotaba O‘zbekistonga tashrif buyurgan va dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan Islom sivilizatsiyasi markazini qurishga qaratilgan eksklyuziv takliflarni taqdim etgan. 

Karantin cheklovlarini inobatga olgan holda va ushbu loyiha bo‘yicha muloqotni davom ettirish uchun O‘zbekistonning Rimdagi diplomatik vakolatxonasi Iatliyaning “iDogi” kompaniyasi bilan O‘zbekiston qurilish vazirligi, Toshkent shahar ma’muriyati, ISM direksiyasi va "Trest 12" qurilish kompaniyasi rahbarlari va mutaxassislari ishtirokida videokonferensiya o‘tkazilgan.

Konferensiya davomida “iDogi” bosh direktori Domeniko Kaminiti va maxsus loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha menejer Silviya Formentin kompaniyaning batafsil taqdimotini tayyor mahsulotlarning eng yaxshi namunalari galereyasida virtual tashrif buyurish bilan bir qatorda kompaniyaning ISM bo‘yicha takliflarini taqdim etgan.

“IDogi” 1968 yilda Venetsiya (Italiya) shahrida tashkil etilgan. U badiiy qandillar, favvoralar, balustradlar, qo‘lda ishlangan Murano(Venetsiya) oynasidan stol va stullar, shuningdek, qadimiy an’analarga muvofiq, billur ishlab chiqaradi.   

Suyuq oynaga solingan va yarim qimmatbaho toshlar bilan qoplangan oltin bargli mahsulot ishlab chiqarishning noyob usullaridan foydalanadi. Kompaniya AQSH, Buyuk Britaniya, Quvayt, BAA, Qatar va Rossiyani o‘z ichiga olgan dunyodagi ko‘plab taniqli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

"iDogi" asl Usmon Qur’onini, shuningdek, markaziy zallardagi avizolarni joylashtirish uchun ISM da billur pavilon yaratishni taklif qilgan. Pavilon va avizalar eksklyuziv dizayni bo‘yicha xuddi shu uslubda billurdan, sharqona naqshli venetsiya oynasidan, malaxit va lapis lazuli bilan bezatiladi.

Onlayn uchrashuv ishtirokchilari Toshkentda barpo etilayotgan ISM uchun “iDogi” mahsulotlarining badiiy uslubi, ranglari va parametrlarini birgalikda ko‘rib chiqish va kelishish uchun ma’lumot va materiallar almashishni kelishib oldilar. O‘zbekiston va Italiyada karantin cheklovlari olib tashlanganidan so‘ng respublikaga jalb qilingan tashkilotlar va italiya kompaniyasi vakillari delegatsiyalarining tashriflari almashinuvi bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Islom tsivilizatsiyasi markazi Usmon Qur'oni

Baholaganlar

27

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing