Xorazmda 3 nafar bemor qoldi. Surxondaryoda esa oxirgi bemor ham sog‘ayib chiqdi

Jamiyat

image

Xorazm va Surxondaryo viloyatida jami 3 nafar bemor koronavirusdan butkul sog‘aydi. Bu haqda bugun, 20 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

“Xorazm viloyatida 2 nafar, Surxondaryo viloyatida esa 1 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor tuzaldi va reabilitatsiyaga kuzatildi“, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Xorazm viloyatida tuzalib chiqqanlarning biri 49 yoshli erkak bo‘lib, Rossiyadan charter reys bilan kelgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan. Ikkinchisi esa 39 yoshli erkak bo‘lib, kasallikni koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda yuqtirib olgan. Viloyatda shu paytga qadar 228 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 230 nafarga yetdi. Shunday qilib, hozirda Xorazmda 3 nafar bemor davolanmoqda.

Shuningdek, Surxondaryo tuzalib chiqqan 33 yoshli erkak kasallikni koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda yuqtirib olgan. Ta’kidlash joizki, u hozircha viloyatdagi oxirgi bemor bo‘lib, jami ushbu hududda 43 nafar bemor koronavirus infeksiyasidan forig‘ bo‘ldi. Hozircha viloyat COVID-19 dan holi hududlar (Jizzax, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlari) safiga qo‘shildi.

Ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 2369 nafarni tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirgacha 2880 kishida koronavirus aniqlandi. Bugungacha bemorlarning 13 nafari vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

87

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing