Komil Allamjonov biznesiga qarshi surishtiruvga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komiljon Allamjonov Irlandiyaning Olsters universiteti va Inson huquqlari bo‘yicha o‘zbek forumining loyihasi bo‘lgan UzInvestigations tomonidan olib borilgan surishtiruvga munosabat bildirdi

Professor Kristian Lasslett muallifligidagi maqolada Komil Allamjonvoning biznes-imperiyasi davlat bergan imtiyozlar evaziga gullab-yashnagani haqida fikr borgan. Shuningdek, uning kompaniyalari noqonuniy faoliyat yurtishi va loyihalarni tenderlarsiz qo‘lga kiritgani tanqid qilingan.

Allamjonovning o‘zi bunga munosabat bildirib, Kristian Lasslett o‘z surishtiruvida hech bir yangilik ko‘rsatmaganini ta’kidlaydi.

“Janob Kristian Lasslett o‘z materialida biron bir yangi narsa gapirgani yo‘q. Bu ma’lumotlarning barchasi internetda bor. Eng asosiysi - mening faoliyatimda O‘zbekiston Respublikasi qonunlari buzilganmi? Yo‘q, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari buzilmagan!”, deydi fond raisi.

U professor tomonidan e’lon qilingan suratga ham to‘xtalib o‘tib, bu buyurtmachining talabi bilan shu holatga keltirilganini va aslida qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatgan.

“Kristian Lasslett vahima bilan chop etgan fotoning asl ko‘rinishi quyidagicha. Hammasi mijozning buyurtmasiga bog‘liq. Agar maqsad suratni xira ko‘rsatish bo‘lsa, dizayner buni juda osonlikcha eplaydi. Agar xaqiqatni ko‘rsatish bo‘lsa uni montaj qilish shart emas. Hammasi maqsadga bog‘liq!”, deydi Allamjonov.

Surishtiruvda aytilishicha, soliq inspektorlari tadbirkorlarni Komil Allamjonov tomonidan asos solingan kompaniyalar tomonidan sotiladigan “Soliq-info” gazetasiga obuna bo‘lishga va BYeM buxgalteriya dasturiy ta’minotini sotib olishga majburlagan. Majburiy savdo Komil Allamjonov Davlat soliq qo‘mitasi Axborot xizmatiga rahbarlik qilgan kezlarda yuz bergan. Maqolada qo‘shimcha qilinishicha, “bu Allamjonov kompaniyalar tomonidan foyda olish maqsadida amalga oshirilgan majburlov harakatlaridan xabardor bo‘lganini isbotlamaydi”.

Bu ayblovga javoban Allamjonov Twitter’da Lasslett bilan yozishmalar chog‘ida soliq organlari majburlash huquqiga ega emasligini aytib o‘tgan.

“Sizda tadbirkorlar obunadan bosh tortgani uchun Davlat soliq qo‘mitasidan sanksiya olganiga asosli dalillar bormi? O‘sha paytda soliq organlari faol mahalliy tadbirkorlarga faoliyatni axborotlashtirishda va buxgalterlarning huquqiy savodxonligini oshirishda ko‘mak bergan. Dastlab soliq to‘lovchilar orasida obuna bo‘lish uchun tavsiya qilingan “Soliq va bojxona yangiliklari” gazetasi, “Norma” huquqiy tizimi, keyin “Soliq-info”, BYeM va boshqalar bo‘lgan. O‘sha vaqtda obunaga tavsiya odatiy amaliyot bo‘lgan. Biroq tadbirkorlar ham tez-tez obunadan bosh tortgan, har kim ma’lumotni qayerdan olishini o‘zi tanlagan, deya fikr bildirgan Komil Allamjonov.

Shuningdek, u mamlakatning har bir soliq organi xodimi mansabni suiste’mol qilmaslik haqida qat’iy ogohlantirilganini eslatgan. Majburlov holatlari tasdiqlangan taqdirda, ular jazolangan. ta’kidlanishicha, “bunday loyihalarning katta qismi ko‘p yillar avval yopilgan”.

Surishitruvda, 2017 yilda Komil Allamjonov O‘zbekiston Prezidentining Matbuot kotibi etib tayinlanishidan ikki oy avval u tomonidan asos solingan “Avtotest” avtomaktabi professional haydovchilarni (majburiy) qayta tayyorlash bo‘yicha monopoliyani qo‘lga kiritgani aytilgan.

Maqolada qayd etilishicha, 2020 yilda “Allamjonovga juda yaqin bo‘lgan kompaniya tendersiz daromadli buyurtma olgan — qog‘oz kadastr pasportlarni plastik kadastr pasportlariga almashtirish bo‘yicha loyiha”. Gap GID Systems Tashkent kompaniyasi haqida ketmoqda.

“Mening bu kompaniyaga aloqam yo‘q. Men na xodim, na direktor, na ta’sischi, na benefitsiar hisoblanmayman. Men shunchaki ko‘plab dasturiy ta’minotlar muallifiman, shu jumladan, mazkur kompaniya mendan sotib olgan dasturiy ta’minotning ham”, deya ta’kidlagan Allamjonov.

Ma’lumot uchun, Komil Ismoilovich Allamjonov 2018 yilning noyabridan 2019 yil yanvarigacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori lavozimida faoliyat yuritgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov

Baholaganlar

190

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing