Endi ham “Ozodlik”ga ishonasizmi? (videofakt)

Tahlil

O‘zbekistonga kelmay, ko‘zi bilan ko‘rmay xabar tayyorlaydigan, voqealarni o‘ziga kerakli usulda yoritadigan jurnalistlar, nashrlar talay. Jumladan, "Ozodlik" nashri O‘zbekiston haqida eshitgan har qanday xabarini o‘zi istaganidek yoritayotganiga amin bo‘ldik. 

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarda “Tashkent city”dagi “Discover Invest” qurilish kompaniyasi haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Ularda ishchilar och qolayotgani, ishlash sharoiti yo‘qligi, sovuq, zax ekani aytiladi. Kamiga maosh ham ozligi iddao qilinyapti. Xo‘sh, bu gaplar qanchalik ishonchli? 

Biz ushbu vaziyatga aralashmaslikni, tagiga yetmaguncha chetda turishni afzal bildik. Kameramiz ob’ektivini hamma qatori mish-mishlarga emas, aslida shu mish-mishlarni o‘ylab topayotgan, tekshirmay tarqatayotganlarga qaratishni ma’qul ko‘rdik.

Bilasiz, “Ozodlik” nashrida O‘zbekiston haqidagi tanqidiy maqolalar juda ko‘p. Ular alamzadalik bilan noxolis yozilganini nafaqat kuchli mutaxassis, balki oddiy o‘quvchi ham aniq-tiniq payqaydi. Boisi bu xabarlar ortida million-million dollarlar yotibdi. Birgina 2018 yilda AQSH byudjeti hisobidan moliyalashtirishda "Ozodlik"ning O‘zbekistondan olinadigan xabarlari uchun 2 million 134 ming AQSH dollari pul ajratilgan. 

Nashrda e’lon qilinayotgan materiallarning ko‘plari bugungi Hukumat, davlat boshqaruv organlari rahbarlarining faoliyatiga qaratilganini ko‘rish mumkin. Ular orasida O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni chinakamiga yoritib bergan maqolani uchratmaysiz. Tekshirilmagan axborotlar soni esa kun sayin ortib bormoqda. Buni hozirning o‘zida isbotlaymiz.

 

“Ozodlik” radiosi internet foydalanuvchilaridan telegram orqali video, foto va xabarlar yo‘llashni so‘raydi. Ammo bu xabarlar qanchalik haqiqatga yaqinligini tekshirib ham o‘tirmay e’lon qilaveradi. Buni avvalroq Toshkent shahar hokimining qarshisidan kamerasini yoqib chiqqan qiz misolida isbotlagan edik. Navbat “Discover Invest”ga.

Biz “Ozodlik”ga moydek yoqib tushadigan video tayyorlashni istadik va “Discover Invest” tomonidan qurilish olib borilayotgan hududga yo‘l oldik. Ishchilar bilan suhbatlashib, ulardan abgor holda videoga tushib berishlarini iltimos qildik. Yerga o‘tirishlari, ovqat yeb turgandek o‘zlarini tutib berishlarini so‘radik. Ulardan biri esa bu holatni videoga olib, vaziyatdan nolishini, kerak bo‘lsa so‘kinishi kerakligini tushuntirdik. Ishchilar maqsadimizni darrov angladi. Tuzlug‘imizga tupurmaymiz, ish joyimizdan nolimaymiz, deb taklifimizga rozi bo‘lishdi. Aslida esa sharoitlar yaxshi, tushlik vaqti issiq ovqat, choy, non, oshxona mavjud. Bir gap bilan aytganda, tasvirlanganidek ko‘chada sig‘indi qilinayotgani yo‘q. 

Video joriy yilning 8 fevral kuni suratga olindi va kech soat 23:32 da “Ozodlik”ning telegramdagi sahifasiga yuborildi. Bizga esa 11 fevral kuni quyidagicha javob keldi: 

“Salom. Katta rahmat. Ana shunday videolar bormi? Juda ayanchli”.

Uyat! Tuzoqqa laqqa baliqdek tushgani yetmagandek, yana shunday videolar bormi, deyishlarini qarang. Bundan ko‘rinib turibdiki, siz istagan odamingiz ustidan tuhmat va bo‘hton yog‘dirishingiz mumkin. Uni hech qaysi OAVda e’lon qila olmasangiz ham "Ozodlik"da chiqishiga kafolat bor. 

Biz “Ozodlik” bu videoni e’lon qilmasa kerak, deb o‘yladik. Juda bo‘lmaganda surishtiruv o‘tkazsa kerak, degan xayolga bordik. Oradan ko‘p o‘tmay, kecha, 12 fevral kuni ushbu video “Ozodlik”ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan joy oldi. Xabar ostiga esa quyidagi izoh yozilgan edi:

“Bu “Discover Invest” ishchilarining ovqatlanish sharoitlari, deb iddao qilinmoqda. Bu sizga Rossiyadagi o‘zbek muhojirlarining vaziyatini eslatmayaptimi?”

Butun dunyo jurnalistikasida masalaga xolis yondashuv, bir xabarni tarqatishdan avval bir necha manbaga asoslanish kerakligi, aniq dalil va isbotlar to‘plash, surishtiruv o‘tkazish shartligi ta’kidlanadi. Bu xalqaro qonun hujjatlari bilan ham belgilab qo‘yilgan. Surishtirmay, telegramdan yetib kelgan videoni istaganidek izohlab tarqatayotgan “Ozodlik” yuqoridagi talablarga javob beryapti, deyish mumkinmi? Albatta, yo‘q. Bu aniq bir shaxsga qaratilgan alamzadalik, xolos. 

O‘zbekistondagi bugungi vaziyatni baholash, muammolarni hal etishda tashqaridan yordamga qarab qolgan joyimiz yo‘q. Erkin so‘z aytish, xato va kamchiliklar haqida ochiq gapirishda, eng muhimi bularga xolis yondashishda “Ozodlik” bizga o‘rnak bo‘la olmasligi ham yana bir bor kundek ravshan bo‘ldi. Har qaysi xalq, har qaysi davlat o‘z boshidagi qorni faqat o‘zi kuraydi. “Ozodlik”dagilar buni tushunib yetishi uchun yana nima kerak? Ro‘y bergan sharmandali holat esa xulosa uchun yetarli. Biz qaysi yo‘ldan yurishiz kerakligini o‘zimizga qo‘yib berishsin. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Ozodlik Tashkent city Discover Invest

Baholaganlar

774

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing