Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida yangi agentlik tuziladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.

Qarorga muvofiq:

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik);

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari tuzilmalarida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi bo‘limlari;

tumanlar (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limlari tuzilmalarida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi sektorlari tashkil etiladi.

Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirishni ta’minlash uchun kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalarni, shu jumladan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini qo‘llagan holda intensiv bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklari maydonlarini kengaytirish, shuningdek, bozor kon’yunkturasi tahlilini hisobga olgan holda meva mahsulotlari turlarini ko‘paytirish choralarini ko‘rish;

hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda ilmiy yutuqlar, ilg‘or ilmiy ishlanmalar va intensiv agrotexnologiyalardan keng foydalanishni tashkil etish;

“O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklariga xalqaro sertifikatlash standartlarini joriy etishda ko‘maklashish;

meva mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash, saralash, kalibrlash, qadoqlash va sotishning butun zanjirini o‘z ichiga olgan klaster shaklini tashkil qilish va kooperatsiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha choralarni amalga oshirish;

bozorlar kon’yunkturasi bo‘yicha chuqur marketing tadqiqotlarini o‘tkazish yo‘li bilan raqobatbardosh mahsulot yetishtirish, uni sotishni tashkil qilish, eksport salohiyatini oshirish maqsadida investitsiyalarni, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashish;

tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan meva navlarini joylashtirish va yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;

bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklari sohasida mutaxassislarni o‘qitish, ularning malakasini oshirish, innovatsiyalarni rivojlantirish va joriy etish masalalari bo‘yicha mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, sohaga ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar va ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilish;

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklari maydonlarining elektron reyestrini yuritish.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziriga zarur hollarda Agentlik tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

5

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing