15 kunlik o‘ylar yoxud oq xalat kiygan “askarlar”ga munosabat qachon o‘zgaradi?

Tahlil

image
Koronavirus atrofida: “qora o‘lat”, pandemiya nazoratini kuch ishlatar tizimlarga berish to‘g‘rimi? north_east

Koronavirus atrofida: “qora o‘lat”, pandemiya nazoratini kuch ishlatar tizimlarga berish to‘g‘rimi?

O‘zbekistondagi to‘yda qatnashgan qozog‘istonlik ayol koronavirus yuqtirib oldi north_east

O‘zbekistondagi to‘yda qatnashgan qozog‘istonlik ayol koronavirus yuqtirib oldi

Tong qachon otib, kun qachon botganini bilmadik – Koronavirusga qarshi kurashgan shifokor (eksklyuziv suhbat) north_east

Tong qachon otib, kun qachon botganini bilmadik – Koronavirusga qarshi kurashgan shifokor (eksklyuziv suhbat)

Hayotda hech qachon ikki kasb egalari xato qilmasin, deyishadi. Bularlan  biri shifokor bo‘lsa, ikkinchisi huquqshunoslardir. Ikkisi ham bevosita inson taqdiriga ta’sir o‘tkazadi. Shifokor xato qilsa, bemorning hayoti, sog‘lig‘i xavf ostida qoladi. Agar huquqshunos xato qilsa, inson nomi qora bo‘lishi yoki mol-mulksiz qolishi kabi noxush holatlar yuzaga kelishi mumkin. Bu ikki kasb ichida ham shifokorlik nozikrog‘idir. Lekin biz bu kasb egalarini e’zozladikmi? 

Shifokor bo‘lish mashaqqati: ko‘proq yil, qimmatroq kontrakt

Shifokorlikdagi qiyinchiliklar Gippokrat qasami ichilishdan oldin, bu kasbni egallash niyati paydo bo‘lgan ondan boshlanadi. 

O‘quv yillari

Bilim yo‘lida boshqa kasblarga nisbatan bo‘lg‘usi shifokorlar ko‘proq mehnat qilishiga to‘g‘ri keladi. Bu boshqalarga nisbatan ko‘proq umr, mablag‘, sabr sarf etilishi lozim deganidir. Siz shifokor bo‘lishni xohladingizmi? Marhamat, eng avvalo yurist, injener, pedagog, agronomdan ko‘ra 2-3 yil ko‘proq o‘qishingiz kerak. 

Bir necha yil muqaddam bakalavr diplomini olish uchun aksariyat oliygohlarda 4 yil o‘qishingiz talab etilardi. Biroq shifokorlik uchun siz 7 yil ko‘z nuringizni bag‘ishlashingiz darkor. Bu bir qarashda oddiy raqamlardek tuyular, lekin inson umrining eng qizg‘in va hal qiluvchi yillaridir. Oliygohdagi o‘qish muddatlari yangi hukumat davriga kelib qisqartirildi. Lekin shunda ham tibbiyot institutlarida o‘qish boshqalardan ko‘proq. 

Qimmatroq kontrakt

Tibbiyot sohasi talabalari aksariyat yo‘nalishlarga nisbatan ko‘proq shartnoma to‘lovini to‘laydi. Tibbiyot oliygohlarida 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 21 barobari bilan teng miqdorida kontrakt to‘lovi to‘lash belgilandi. Vaholanki, bu miqdor mamlakatdagi eng yuqori kontrakt summasi belgilangan kasblar yurisprudensiya, jahon iqtisodiyoti, jahon siyosati (MHTEKM 22 barobar) kabi yo‘nalishlardan biroz kamroq, xolos.   
        
Bu notenglik, hatto, xalq orasida super-kontraktlar deb ataluvchi to‘lovlar  uchun ham taalluqlidir. Bu to‘lov aksariyat yo‘nalishlar uchun konrakt miqdorining 10 barobari etib belgilangan. Misol uchun, suv xo‘jaligi va melioratsiya sohasi bo‘yicha:

•    yillik kontrakt to‘lovi –8,9 million so‘m;
•    super-kontrakt – 89 milliondan ortiqroq (kontraktning 10 barobari).

Tibbiyot sohasi bo‘yicha talaba bo‘lmoqchi bo‘lgan abituriyent uchun super-kontrakt miqdori kontrakt summasining 20 barobari, ya’ni 223 million so‘m hisoblanadi. 

Yosh o‘tishi

Ko‘proq umr sarf etilishi ko‘pchilik yoshlarning kasb tanlashda eng muhim omillardan biridir. O‘rtacha olganda 20 yoshda oliygohga qabul qilingan talaba 26 yoshda bakalavr, 28 yoshda magistrlik darajasiga ega bo‘ladi. Ayni kuchga to‘lgan, ishlab pul topishi, oilasiga yordam qo‘lini cho‘zishi kerak bo‘lgan yigit yoki qiz qo‘lida papkasini ko‘tarib yurishga mahkum. Lekin bu kasb shunga arziydimi? O‘zining shifokorlik uchun qobiliyatim bor deb hisoblayotgan yoshlar bunga ham ko‘nadi.  

“Diplom”dan keyingi mashaqqatlar

Uzoq yo‘llik mashaqqatdan so‘ng, qo‘lingizda diplom turibdi. Endi siz shifokorsiz. O‘z yo‘nalishingiz bo‘yicha bir bemorga yordam bera olasiz. “Shifokorman, shuncha yillik mehnatim evaziga endi ko‘kragimga shamol tegadi” deb turgan vaqtingizda bakalavr diplomi bilan UASH lavozimi sizga muntazir. 

UASH bu – umumiy amaliyot shifokori. Bu tibbiyotda eng quyi lavozimlardan biri bo‘lib, har bir vrach boshidan o‘tkazadi. Aholi uchun umumiy poliklinikada har qanday yengil ishlarni bajarib, chuqur tekshiruvlar qila olmaydi. Agar bakalavrdan so‘ng, ordinatura yoki magistratura darajasida malakaga ega bo‘lmasa, UASHlik butun umr davom etishi mumkin. Hozirgi kunda o‘rtacha bitta UASH 1 million so‘m atrofida maosh olishi mumkin. E’tibor qarating, bir yilga 10 million so‘m atrofida kontrakt to‘lab 6 yil o‘qiysiz, lekin bitirgandan so‘ng 1 million so‘mdan oshiqroq oylik maosh...

O‘tgan 30 yil davomida ko‘plab ijtimoiy sohalar qatori tibbiyotga e’tibor ham haminqadar darajaga tushib ketdi. Bu vaqtda ba’zi davlat shifoxonalarida gipsni ham o‘z hisobidan sotib olayotgan shifokorlarni shaxsan o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik.

Bilamizki, tibbiyot kun sayin emas, soat sayin rivojlanib bormoqda. Shu nuqtai-nazardan, har bir shifokor tez-tez o‘z malakasini oshirib borishi lozim. Ammo, malaka oshirish ham ma’lum xarajatlarni talab qiladi. 

“Malaka oshirishga ketadigan xarajatlarni davlat shifoxonasida ishlaydiganlarga davlat o‘zi to‘lab beradi. Shunda ham Toshkentga borgandagi sarf-xarajatga 2-3ta oyliging ketib qoladi. Agar xususiy shifoxonada ishlasang, malaka oshirishga pulni topish mushkul”, deydi biz bilan suhbatlashgan ismi sir qolishini xohlagan shifokorlardan biri. 

Jamiyatdagi aqlsiz mushtumzo‘rlar

O‘tgan ikki yilni sarhisob qilsak ham sog‘lig‘imiz posbonlari ko‘plab hujumlarga, tajovuzlarga uchradi. Bir bemor onasi hamshirani quvlab ursa, yana biri yoqib yubormoqchi ham bo‘ldi. Ko‘p shifoxonalarga borsangiz, tibbiyot xodimlariga nisbatan nomaqbul munosabatni ko‘rishingiz mumkin. Qo‘lidan kelgan ishni qilayotgan bo‘lsa ham, aqlsiz insonlar barcha aybni shifokorga yuklashdi. 

Yuqoridagi holatlarni sarhisob qilinsa, bir kasb uchun mashaqqatlar shunchalik bo‘lar. Balki siz “shifokor bu – sharafli kasb, xalqqa xizmat qilsa, qilibdi-da” deb aytayotgandirsiz. Shunday bo‘lsa, bu yo‘lning ne chog‘li mashaqqatli ekanini o‘zingizda tasavvur qilib ko‘ring.

Avval 6 yil bakalavr, so‘ngra 2 yil magistraturada umrini, sabrini qurbon qilgan shifokorlarimiz shunday muomalaga munosibmi? Dunyoning ko‘plab nuqtalarida shifokorlar namoyishlar o‘tkazmoqda. Yevropa Ittifoqining liderlaridan sanalmish Fransiya davlatida 1200 ga yaqin davlat shifoxonalarida ishlovchi tibbiyot xodimlari oylik va ta’minot masalasida norozilik bildirmoqda. Fransuz vrachlari shunday sinovli vaqtda hukumatdan moliyalashtirish masalasini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. O‘zbek shifokorlari esa vaziyat jiddiy ekani, bu vaqtda o‘zbek xalqi va davlati yonida turish zarur ekanini to‘g‘ri anglamoqda. 

14 kunlik navbatchilikdan chiqqan oliy toifali shifokor, 41 yillik virusolog Karimberdi Rizqiyev QALAMPIR.UZga bergan intervyusida barcha shifokorlar chaqiriqlarga “labbay” deb javob berayotganini aytib o‘tgandi.

O‘zbekistonga kutilmaganda koronavirusning kirib kelishi odamlarni sarosimaga solib qo‘ydi. Mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat 15 mart kuni qayd etilgan bo‘lsa, bugunga kelib bemorlar soni 149 nafarni tashkil etmoqda. O‘tgan 15 kun esa shifokorlarimiz naqadar fidoiy, mehnatkash, o‘z kasbiga va xalqiga sadoqatli ekanini ko‘rsatmoqda. Virusologiya ilmiy tekshirish institutida bemorlarni davolayotgan shifokorlardan tortib, mamlakatning turli hududlaridagi shifoxonalarda karantindagi bemorlar g‘amxo‘rlik qilayotgan va tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan shifokorlar mana ikki haftadan oshdi hamki oilasi va farzandlaridan yiroqda. Ular jang maydonida kasallik bilan bemorlar qatorida kurashmoqda. Xastalari uchun tunlarini bedor, kunlarini halovatsiz o‘tkazyapti. Bu voqealar esa xalqimizning shifokorlarga nisbatan munosabatini o‘zgartiradi, ko‘zini ochadi, deb umid qilamiz. 

Bu koronavirus balosi ham o‘tib ketar. Shifokorlar nafaqat hozirgi pallada, balki doim qadrlanishi esa maqbul ish bo‘lardi. Zero, “koronavirus urushi” vaqtida bizning askarlar – aynan “oq xalat kiygan” shifokorlarimizdir.


Maqola muallifi

Teglar

Diplom Shifokorlar

Baholaganlar

139

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing