Rasman! JSST koronavirus pandemiyasini e’lon qildi

Olam

image

Jahon sog‘lqni saqlash tashkiloti yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat sabab pandemiya holatini e’lon qildi. Bu haqda JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus ma’lum qildi.

Pandemiya – favqulodda kuchli epidemiya bo‘lib, yuqumli kasallikning bir yoki bir nechta mamlakatni to‘laqonlik kamrab olishi bilan xarakterlanadi.

JSST joriy yilning 31 yanvar kuni koronavirus sababli dunyoda xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qilgandi. Oradan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tib, tashkilot pandemiya ekanini tan oldi.

"Vaziyat pandemiya deb atalishi JSSTning ushbu koronavirus tufayli mavjud tahdidni baholash mezonlarini o‘zgartirmaydi. Bu JSST qilayotgan ishlarga ham, boshqa davlatlar qilishi kerak bo‘lgan ishlarga ham ta’sir ko‘rsatmaydi", deyiladi tashkilot bayonotida.

Ma’lumot uchun, virus bilan bog‘liq vaziyat Xitoyda o‘nglana boshlagani bilan Yevropa davlatlarida yangi ku bilan avj ola boshladi. Italiya, Ispaniya, Fransiya, Germaniyada vaziyat kundan kunga og‘irlashyapti. Italiyada koronavirusga chalinganlar soni 10 mingdan oshib ketdi.

Yangi koronavirus

Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.

JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi. Virus bugungacha 119 davlatga kirib bordi. Undan halok bo‘lgan 4299 nafarga, kasallanganlar 119 214 nafarga yetdi.

Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus

Baholaganlar

383

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing