Qur’onda bir-birini g‘iybat qilganlar qanday sifatlangan?

Foydali

G‘iybat odamlar o‘rtasida nifoq soladigan, oilalarni yemiradigan, jamiyatni parokanda qiladigan qabih illatdir. Shu sabab Alloh taolo buni ulkan gunoh sanab, bandalarini bu ishni qilishdan qaytargan. Ammo shunday bo‘lsa-da, g‘iybatchilar va bu ishlarini ulkan illat hisoblamaydigan odamlar ham yo‘q emas. Mana shu mavzu yuzasidan Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom-xatibi Rahimberdi domla Rahmonov bilan suhbatlashdik.

“Insoniyatning tili va undan sodir bo‘ladigan illatlar bisyor. Til yordamida Alloh taologa istig‘for aytiladi, Qur’oni karim tilovat qilinadi, tavba aytib, duolar qilinadi. Lekin ana shu tildan shunday gunohlar sodir bo‘ladi-ki, insonning vaqti, mablag‘i ketib, yiqqan savoblari behuda ketishiga sabab bo‘ladi. Ana shunday gunohlardan biri – g‘iybatdir. 

G‘iybat harom qilingan. Insonning sha’ni borasida, uning bor bo‘lgan aybi borasida uning ketidan gapirish g‘iybat hisoblanadi. Agar o‘sha odam eshitsa xafa bo‘ladigan, ranjiydigan sifatlarni gapirishlik ham bu g‘iybatdir. Uning ketidan yo‘q sifatlarni, yo‘q odatlarini gapirish esa bo‘hton bo‘ladi. 

Alloh taolo g‘iybatni ulkan gunohligini bayon qila turib, marahamat qiladi: “Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmasin. Birodaringizning go‘shtini yeyishni xohlaysizmi? Albatta, xohlamaysiz”. Bundan ma’no kelib chiqadi-ki, g‘iybat qilgan odam g‘iybat qilingan odamning go‘shtini yegan bilan barobar ekan. Bu gunohning naqadar xatarli va og‘ir ekanligini yaxshiroq his qilganimizda undan yanayam qattiq ehtiyot bo‘lgan bo‘lar edik.

Afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunda ba’zi bir odamlar o‘zi bilmagan holatda birovni g‘iybat qilib qo‘ymoqda. Bu juda katta xatar. Tilimizni bundan xalos qilishimiz kerak. Payg‘ambarimiz alayhissalom bundan juda qattiq qaytarganlar. Nafaqat g‘iybat qilgan odam, balki g‘iybat qilinayotgan davrada o‘tirgan, uni qaytarmgan odam ham baravar gunohkor bo‘lib qoladi”.

Rahimberdi domla Rahmonovning ta’kidlashlaricha, g‘iybat qilgan odamning savobi g‘iybat qilingan odamga olib beriladi. Agar savobi yetmasa, g‘iybat qilingan odamning gunohi buning gardaniga yuklanadi.

“Imom Buxoriy aytadilar: “Aqlimni tanib, g‘iybat xarom ekanligini bilganimdan boshlab, shu kunga qadar g‘iybat qilmadim”. Ulug‘larimiz birovning sha’niga umuman noloyiq gaplarni aytishmagan. Shu sabab tilni g‘iybatdan tiyish ulug‘larning fazilati hisoblanadi. 

Aslida, nima uchun g‘iybat qilinadi? O‘sha odamning erishgan yutug‘ini, darajasini, mavqesini, obro‘sini ko‘ra olmaslik natijasida g‘iybat qilinadi. Bu gunohni til sodir etadi, ammo bunga undagan uning qalbi bo‘ladi. Shu sabab qalbimizni isloh qilishimiz lozim. Agar qalbimiz isloh bo‘lsa, til faqat yaxshilikni so‘zlaydi. 

G‘iybatning virtual ko‘rinishi ham sodir etilmoqda. G‘iybat nafaqat so‘z bilan, balki yozma shaklda ham bo‘lishi mumkin. Bir odamning sha’niga noloyiq so‘zlarni yozib, SMS shaklida jo‘natishimiz mumkin. Yoki ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi bilmagan, yaxshi tanimaydigan, ichki dunyosidan bexabar odamlarga nisbatan izoh qoldirish ham g‘iybatdir", dedi suhbatdoshimiz.


Maqola muallifi

Teglar

Ramazon suhbatlari

Baholaganlar

200

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar