Parlamentda YeOII bilan hamkorlik bo‘yicha ishchi guruh tuzildi

Jamiyat

image
Farazlar oydinlashgan kun. O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi-davlat maqomida qo‘shildi north_east

Farazlar oydinlashgan kun. O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi-davlat maqomida qo‘shildi

Qonunchilik palatasi Kengashida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikka oid tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Kengash yig‘ilishida Quyi palatadagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzildi. Unga Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov rahbar etib tasdiqlandi.

YeOII bilan hamkorlikning milliy iqtisodiyotga ta’sirini chuqur tahlil qilish, qisqa, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga mosligini o‘rganish, hamkorlikning har bir iqtisodiyot tarmog‘iga ta’siri bo‘yicha ijobiy va salbiy ta’sir yo‘nalishlarini aniq yoritib berish, boshqa xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik istiqbollari bilan o‘zaro bog‘liqligini quyi palatada har tomonlama ko‘rib chiqishni tashkil etish Ishchi guruhining asosiy vazifalari etib belgilandi.

Shu bilan birgalikda, O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorlik masalasini o‘rganish bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar Rejasi ham tasdiqlandi. Unda, jumladan, ushbu masalani siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar yig‘ilishlarida muhokama qilish, shuningdek, yetakchi ekspertlar ishtirokida turkum davra suhbatlari, seminarlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Tadbirlar doirasida fuqarolar va biznes-hamjamiyat o‘rtasida sotsiologik so‘rovlar o‘tkaziladi. Bir nechta vazirlar, shu jumladan, Tashqi ishlar hamda Investitsiya va tashqi savdo vazirlarining tegishli axborotlarini Qonunchilik palatasida eshitish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi 2014 yilda Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Shuningdek, bu Ittifoqqa 2015 yilda Armaniston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi a’zo bo‘lib kirgan, 2018 yildan e’tiboran Moldova kuzatuvchi maqomiga ega.

Tashkilotning maqsadi — a’zo davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish borasida barqaror rivojlaninsh uchun sharoitlar yaratish, YeOII doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va o‘zaro kooperatsiya rivojlantirish.


Maqola muallifi

Teglar

Parlament EOII

Baholaganlar

44

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made