Daryoga qulagan avtobus haydovchisi ham tojikistonlik bo‘lib chiqdi

Olam

image

Avvalroq, Sankt-Peterburg markazida 20 ga yaqin yo‘lovchisi bo‘lgan avtobus daryoga tushib ketgani, oqibatda 3 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergandik. 

Mahalliy nashrlarning yozishicha,  avtobus haydovchisi 44 yoshli tojikistonlik Rahmatshoh Qurbonov ekanligi ma’lum bo‘lgan. Haydovchi qo‘lga olingan bo‘lib, dastlab u shifoxonaga, keyin esa so‘roq qilish uchun olib ketilgan. Qurbonov ayni damda Rossiya fuqarosi hisoblanadi. 

Uning turmush o‘rtog‘i  ijtimoiy tarmoq orqali erini 20 soatlik smenadan keyin erta tongdan reysga chiqishga majburlashgani haqida gapirgan. 

"U uyga soat tungi ikkilarda keldi, ungacha ertalab soat beshdan buyon ishda edi. Soat tonggi 7:30 da, besh soatlik uyqudan uyg‘otib, ishga chiqishini aytishdi", degan u.

Avtobus "Taksi" MJCHga tegishli bo‘lgan. Peterburg sudlari matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu kompaniya so‘nggi ikki yarim yil ichida transport sohasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablarini qo‘pol ravishda buzgani uchun 23 marta, jami 3,6 million rubl miqdorida jarimaga tortilgan. Kompaniyaning bildirishicha, avtobus 7 may kuni rejalashtirilgan texnik xizmat ko‘rsatishdan o‘tkazilgan va yaxshi holatda bo‘lgan.

Hodisa yuzasidan ikkita jinoiy ish ochilgani aytilmoqda. Birinchisi – ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish bo‘yicha, ikkinchisi – xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmat ko‘rsatish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa vaqtida avtobusda 15 kishi bo‘lgan. Ulardan olti nafari o‘z-o‘zidan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan va yana to‘qqiz nafari voqea guvohlari yordamida Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari tomonidan avtobusdan chiqarib olingan. Departamentning xabar berishicha, halok bo‘lgan uch kishidan tashqari to‘rt nafar yo‘lovchi klinik o‘lim holatida shifoxonaga yotqizilgan, yana ikki nafarining ahvoli og‘ir.


Maqola muallifi

Teglar

Sankt-Peterburg avtobus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made