Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 2 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Tashqi ishlar bo‘yicha komissiya devonxonasi rahbari Yan Szechi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqida Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbari bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoyni do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yaqindan bog‘lab turganini qayd etdi.

“Mamlakatlarimiz yetakchilarining muntazam uchrashuvlari ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, uni aniq mazmun bilan boyitish imkonini berdi”, deyiladi xabarda.

Yuqori martabali mehmon Prezident Shavkat Mirziyoyev samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, XXR Raisi Si Szinpinning O‘zbekiston Prezidenti nomiga yo‘llangan shaxsiy maktubini topshirdi. Ushbu maktubda keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan hamda yangi turdagi koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirilgan.

Uchrashuvda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Xitoy sherikligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda energetika, neft-gaz, kimyo, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida hamda infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha ustuvor loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishni davom ettirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, SHHT va boshqa tuzilmalar doirasidagi konstruktiv muloqotni mustahkamlash, shuningdek, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini ilgari surish doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

108

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing