AQSH va Rossiya. Komilov O‘zbekistonning Vashington va Moskva bilan bugungi aloqalariga baho berdi

Intervyu

image

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida rasmiy Toshkentning Moskva va Vashington bilan bugungi munosabatlariga to‘xtaldi. Uning qayd etishicha, oxirgi uch yilda O‘zbekiston Respublikasining turli qit’alardagi ko‘plab davlatlar va davlat uyushmalari bilan munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan. 

O‘zbekiston tashqi diplomatiyasi rahbari sayyoraning ikki kuchli davlati haqida so‘z yuritarkan, Rossiya bilan so‘nggi yillarda strategik sheriklik rivojlanib borayotganini qayd etgan 

“Avvalam bor, so‘nggi yillarda Rossiya bilan strategik sheriklik va hamkorlik sezilarli darajada mustahkamlandi. Ochiqlik hamda o‘zaro ishonchga asoslangan birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika, transport, agrosanoat, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlik ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirishga erishildi”, deydi vazir. 

Qayd etilishicha, Rossiya O‘zbekistonning yetakchi savdo-iqtisodiy sheriklaridan biri. 2019 yil yakuniga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 15,7 foizni tashkil qilgan. O‘zbekiston Rossiyaning turli mintaqalariga to‘qimachilik, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni yetkazib berishni keskin oshirgan. 

Iqtisodiy rivojlanishning ustuvor sohalarida qator yirik loyihalar va dasturlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Rossiyaning atom energetikasi mutaxassislari O‘zbekistonda Markaziy Osiyoda birinchi atom elektr stansiyasini qurishga tayyorgarlik ishlarini boshladi. 

“Agar O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan madaniy-gumanitar hamkorlik haqida gapiradigan bo‘lsak, O‘zbekistonda Rossiyaning o‘nlab yetakchi universitetlari filiallari ochilganini ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti (MISiS), Milliy yadroviy tadqiqot universiteti (MIFI) hamda Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining birinchi xorijiy filiali shular jumlasidandir. Bularning barchasi O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi sheriklik mustahkam poydevorga ega ekani va kelajakka yo‘naltirilganidan dalolat beradi”, deydi Komilov.

Yangi O‘zbekistonning AQSH bilan munosabatlari rivojlanishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyida AQSHga amalga oshirgan tashrifining o‘rni beqiyos. Vazir Abdulaziz Komilov bu haqda gapirarkan, shunday deydi: 

“O‘zbekistonning dunyodagi boshqa yetakchi mamlakatlar bilan munosabatlari ham jadal va o‘zaro manfaatdorlik asosida rivojlanmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil may oyida Vashingtonga rasmiy tashrifi Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Ikki davlat rahbarlari “Strategik sheriklikning yangi davri boshlanishi to‘g‘risida”gi Qo‘shma bayonotni qabul qildilar va o‘z sa’y-harakatlarini hamkorlikning o‘zaro manfaatli sohalarini rivojlantirishga yo‘naltirdilar. 

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ijobiy baholandi va qo‘llab-quvvatlandi. Bu O‘zbekistonning reytingi va xalqaro imijiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. 

2017 yildan buyon ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar tarixida ilk bor AQSHning yuqori martabali iqtisodiy delegatsiyalari – savdo vaziri U.Ross, Missisipi shtati gubernatori F.Brayant, AQSHning sertifikatlangan savdo missiyasi (2019 yil) tashriflari amalga oshirildi”. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi ikki baravar oshgan.Amerikalik sayyohlarning O‘zbekistonga oqimi esa 50 foizga ko‘paygan.  


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov

Baholaganlar

133

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing