O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qo‘shinlari yangi texnika va qurol-aslahalar bilan ta’minlandi

Jamiyat

image

Joriy yilning 19 mart kuni Chirchiq dala o‘quv maydonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarini 2018—2021 yillarda harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan ta’minlash, ularni ta’mirlash va modernizatsiya qilish bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq yangi harbiy texnikalar qo‘shinlarga foydalanish uchun topshirildi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston mudofaa vazirining qurol-aslaha va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Oybek Ismoilov, Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi vakillari hamda harbiy texnikalarni qabul qilgan harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Jami ikki yuzga yaqin harbiy texnika va qurol-aslaha namunalari keyingi foydalanish uchun tantanali ravishda qo‘shinlarga topshirildi. Ular orasida yuk, oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, harbiy xizmatchilarga tez tibbiy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan harbiy transport texnikalari mavjud edi.

“Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan, Qurolli Kuchlarimiz qo‘shinlarining qudrati va salohiyatini oshirish, qolaversa harbiylarimiz ko‘nikmasini yanada mustahkamlash maqsadida qo‘shinlarni yangi, zamonaviy, bugungi kun talablariga javob beradigan qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan ta’minlash ishlari jadal davom etmoqda. Bugun sizlarga topshirilayotgan harbiy texnikalar qilayotgan ishlarimizning bir qismi, debochasi hisoblanadi. Hali bundan-da zamonaviy zirhli texnikalar, o‘q-dorilar hamda havo hujumidan mudofaa vositalari bilan ta’minlashni reja qilganmiz. Harbiy xizmatchilarimiz ushbu texnikalardan oqilona va samarali foydalanish bilan bir katorda ularni doimo jangovar shay holda saqlashiga umid bildiraman”, deydi mudofaa vaziri o‘rinbosari Oybek Ismoilov.

E’tiborlisi, ushbu ixtisoslashgan harbiy transport texnikalarning aksar qismi Mudofaa vazirligi buyurtmasiga asosan maxsus O‘zbekistonda yig‘ilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasida qo‘shinlarni zamonaviy qurol-aslahalar va harbiy texnikalar bilan ta’minlash hamda mustaqil mudofaa-sanoat majmuasini yaratish ko‘zda tutilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Mudofaa vazirligi

Baholaganlar

38

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar