Toshkentda 8 millardlik 25 dona zamonaviy radarlar o‘rnatiladi – Hukumat qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda zamonaviy tizimlarni joriy qilish» investitsiya loyihasini tatbiq etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. 

Mazkur qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi “ABL-Soft & SS” mas’uliyati cheklangan jamiyati (keyingi o‘rinlarda – Investor) bilan hamkorlikda “Toshkent shahrida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda zamonaviy tizimlarni joriy qilish” investitsiyaviy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha taklifi ma’qullanadi.

Bunda, mahalliy korxona tomonidan ishlab chiqilgan, umumiy qiymati 8 mlrd so‘m bo‘lgan 10 dona  “AutoCon – SC/M TR.uz” va 15 dona “AutoCon – SC/S TR.uz” yangi turdagi tezlikni o‘lchash mobil qurilmalarini va uni tasarruf etishga zarur bo‘lgan barcha jamlanmalar Toshkent shahrida joriy qilinadi. 

Loyiha doirasida quyidagi shartlar belgilanmoqda:

•    yo‘l harakati qoidalari buzilishini foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi 2019 yilda Toshkent shahri hududida Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi harakat xavfsizligi kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimi qoshida joriy etiladi;

•    loyihani amalga oshirish va moliyalashtirish davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida Investor tomonidan investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladi;

•    investitsiyaviy harajatlarni qaytarish uchun Loyiha buyurtmachisi – Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi mas’ul hisoblanib, joriy qilinayotgan avtomatlashtirilgan tizim Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi balansiga beriladi.

O‘rnatilgan avtomatlashtirilgan tizim yordamida aniqlangan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima summasi quyidagicha yo‘naltiriladi:

50 foiz – Toshkent shahar hokimligi uchun G‘aznachiligida ochiladigan maxsus hisob raqamga. Ushbu ochilgan maxsus hisob raqamda jamlangan mablag‘lar smeta hujjatlariga asosan “Toshkent shahar Yo‘l xarakatini boshqarishning texnik vositalarini o‘rnatish va foydalanish departamenti” davlat muassasiga va shu muassasining moddiy texnika bazasini mustahkamlashga;

35 foiz – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahar bosh boshqarmasining maxsus fondiga;

15 foiz – shartnomada belgilangan investitsiyaviy harajatlarning hajmi to‘liq qoplanguniga qadar Investor hisobiga.

Investitsiyaviy harajatlar to‘liq qoplangandan so‘ng, mazkur qarorda nazarda tutilgan jarima summasining Investorga tegishli ulushi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahar bosh boshqarmasining maxsus fondiga yo‘naltiriladi.

O‘rnatiladigan mobil qurilmalari majmualarning joylashishi Toshkent shahar hokimligi bilan kelishiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahar bosh boshqarmasiga Loyihani amalga oshirish doirasida, istisno tariqasida, investor bilan tender va tanlov savdolarini o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat etiladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Vazirlar Mahkamasi qarori Fotoradar

Baholaganlar

64

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing