Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi rivojlantiriladi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Bog‘dorchilik tarmog‘i va issiqxona xo‘jaliklarida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalar asosida yuqori sifatli, raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining:

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 29 birlikdan iborat Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligini (keyingi o‘rinlarda — Agentlik);

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari tuzilmalarida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 58 birlikdan iborat bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi bo‘limlarini;

tumanlar (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limlari tuzilmalarida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 185 birlikdan iborat bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi sektorlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan maqsadli kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalarni, shu jumladan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini qo‘llagan holda intensiv bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklari maydonlarini kengaytirish, shuningdek, bozor kon’yunkturasi tahlilini hisobga olgan holda meva mahsulotlari turlarini ko‘paytirish choralarini ko‘rish;

hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligida ilmiy yutuqlar, ilg‘or ilmiy ishlanmalar va intensiv agrotexnologiyalardan keng foydalanishni tashkil etish;

“O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklariga xalqaro sertifikatlash standartlarini joriy etishda ko‘maklashish;

meva mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash, saralash, kalibrlash, qadoqlash va sotishning butun zanjirini o‘z ichiga olgan klaster shaklini tashkil qilish va kooperatsiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha choralarni amalga oshirish;

bozorlar kon’yunkturasi bo‘yicha chuqur marketing tadqiqotlarini o‘tkazish yo‘li bilan raqobatbardosh mahsulot yetishtirish, uni sotishni tashkil qilish, eksport salohiyatini oshirish maqsadida investitsiyalarni, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashish;

tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan meva navlarini joylashtirish va yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;

bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklari sohasida mutaxassislarni o‘qitish, ularning malakasini oshirish, innovatsiyalarni rivojlantirish va joriy etish masalalari bo‘yicha mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, sohaga ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar va ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklari maydonlarining elektron reyestrini yuritish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziriga zarur hollarda Agentlik tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

4. Belgilansinki:

a) Agentlik:

o‘z faoliyati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari va tumanlar (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limlarining bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi bo‘yicha bo‘limlari (sektorlari) va mutaxassislari faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy rahbarlik qiladi;

b) Agentlik direktori:

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlari bo‘yicha vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi; 

v) Agentlik direktorining o‘rinbosari Agentlik direktorining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

5. Agentlik xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya shartlari tatbiq etilsin.

6. Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Agentlik qoshidagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilsin va uni shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasining TIF TN kodi 07 va 08 bo‘lgan tovar guruhlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilishdan tushgan bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) summasining 10 foiziga teng ajratmalar;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qoshidagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil qilish markazi” davlat unitar korxonasining ochiq savdolarida sotilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning boshlang‘ich bahosidan oshgan summaning 50 foizi;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlarining kreditlari (qarz mablag‘lari) va grantlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.

Belgilab qo‘yilsinki, Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:

bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan maqsadli kompleks dasturlarni amalga oshirish;

bog‘larda va issiqxonalarda irrigatsiya tadbirlarini o‘tkazish, jumladan, suv yetkazib berish, artezian quduqlari, quduqlar va rezervuarlar barpo etish, suv yetkazib berish uchun nasos va quvurlar, suv saqlash uchun sig‘imlar xarid qilish;

Agentlik moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jumladan, Agentlik xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, xususan ustamalar to‘lash;

bog‘dorchilik sohasiga xorijiy mutaxassislar va konsultantlarni jalb etish, shuningdek, Agentlik xodimlari, bog‘bonlar va issiqxona xo‘jaliklari egalarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlar.

7. Belgilansinki:

a) yangi tashkil etiladigan bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklari uchun 50 va undan yuqori ball bonitetiga ega bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonlarini ajratish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

b) tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish asosidagi suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy qilgan yangi tashkil etiladigan bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash Jamg‘arma va O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga quyidagilar uchun subsidiya ajratish orqali amalga oshiriladi:

bir gektar ekin maydoniga yuqorida ko‘rsatilgan suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga 6 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda;

maydoni 35 gektardan ziyod bog‘larda suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduqni, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasini qurishga 120 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda;

v) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kichik tadbirkorlik sub’ektlariga intensiv bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini tashkil qilish uchun tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha, ammo 5 milliard so‘mdan oshmaydigan miqdordagi mablag‘ga kafillik beradi.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan subsidiyalarning boshqa summalari hamda bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini moliyalashtirishning qo‘shimcha yo‘nalishlari belgilanishi mumkin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda bir oy muddatda meva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga ketgan sarf-xarajatlarini qoplash to‘g‘risidagi nizom loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:

a) 2019 yil 1 avgustga qadar mavjud mevali bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini har bir fermer xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi korxonasi kesimida yaroqsiz va iqtisodiy jihatdan samarasiz bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini aniqlash nuqtai nazaridan xatlovdan o‘tkazsin va iqtisodiy samarador yangi bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini barpo etish bo‘yicha takliflar kiritsin;

b) 2019 yil 1 sentyabrga qadar:

keyinchalik meva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga tavsiyalar berib borish maqsadida mevali ko‘chatlarning yuqori hosilli navlarini tanlab olish va ularni yetishtirishning hududiy chegaralarini aniqlash nuqtai nazaridan tabiiy-qishloq xo‘jaligi bo‘yicha rayonlashtirishni amalga oshirsin;

ishlab chiqaruvchi, yer uchastkasi, bog‘larning holati, navlar, barpo qilingan vaqti va boshqa ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olgan bog‘ plantatsiyalari va issiqxona xo‘jaliklarining yagona elektron reyestrini shakllantirsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi 2020 yil 1 yanvarga qadar muddatda o‘zlashtirilmagan yerlarda yer osti suv resurslarining mavjudligi va ularning qishloq xo‘jaligida foydalanishga yaroqliligiga alohida e’tibor qaratib, mavjud yer osti suv resurslarining miqdori va sifati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda yer osti suvlari xaritalarini ishlab chiqsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda mavjud mevali bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini xatlovdan o‘tkazish yakunlaridan so‘ng ikki oy muddatda eksportbop sifatli meva mahsulotlari hajmini kengaytirish maqsadida hududlar kesimida yangi intensiv bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklari barpo etish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda mevali daraxt va butalarning urug‘lik materiallari va ko‘chatlarini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi korxonalar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2019 yil 1 oktyabrga qadar o‘z veb-saytida hududlar va mahsulot ishlab chiqaruvchilar kesimida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining navlari, turlari va prognoz ko‘rsatkichlari, pishish vaqti to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni olish imkonini beruvchi axborot platformasini ishga tushirsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligining akademik M. Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi o‘rinlarda — Institut)ni Agentlik ixtiyoriga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bir oy muddatda Institutning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zarur texnikalarni, shu jumladan, lizing asosida xarid qilish manbalarini aniqlash, kamida uchta “in-vitro” usuli asosida ko‘chatlar yetishtirish bo‘yicha hududiy laboratoriyalar va issiqxonalarni tashkil qilish, shuningdek, Institut balansida bo‘lgan yer uchastkalari va ob’ektlarni optimallashtirishni nazarda tutgan holda, uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ikki oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda respublikadagi bog‘dorchilikka ixtisoslashtirilgan tumanlarda “ishlab chiqarish — tayyorlash — saqlash — qayta ishlash — qadoqlash (tara) — tashish — ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish” tamoyili asosida zanjir shakllantirishni nazarda tutuvchi meva savdo-logistika markazlarini;

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda strategik importyor davlatlar hududida ulgurji taqsimlash markazlari qoshida savdo korxonalarini tashkil etish yuzasidan takliflar kiritsin. 

14. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bir oy muddatda:

a) quyidagi nizomlarni tasdiqlashni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi;

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi qoshidagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi;

b) Agentlikni uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Agentlikning 2019 yilda ushbu qarorni amalga oshirish doirasidagi xarajatlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablag‘ ajratsin hamda 2020 yildan boshlab har yili zarur byudjet mablag‘larini nazarda tutsin;

Agentlikka 4 ta avtotransport vositasi, shu jumladan, 2 ta shaxsiy biriktirilgan avtotransport vositasini saqlash uchun limit belgilasin;

Agentlikning asoslantirilgan hisob-kitoblariga binoan uning ma’muriy binosini ta’mirlash hamda moddiy-texnika bazasini shakllantirish uchun zarur uskunalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini sotib olishga mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahri, Abay ko‘chasi, 6-uy manzili bo‘yicha joylashgan binoning bir qismini Agentlikning operativ boshqaruviga berilishini ta’minlasin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlik zarur aloqa, shu jumladan, hukumat aloqasi bilan va keng polosali internet tarmog‘iga ulanishini belgilangan tartibda ta’minlasin.

18. Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi A. J. Vaxabov va O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri J. A. Xodjayevga — Agentlik faoliyatini tashkil etish bo‘yicha masalalarni, tashkiliy-texnik, moliyaviy, huquqiy va boshqa tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, mavjud mevali bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini xatlovdan o‘tkazishni samarali muvofiqlashtirish yuzasidan;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlariga — bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklari tashkil etish uchun yer uchastkalari o‘z vaqtida ajratilishi, shuningdek, mavjud mevali bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini xatlovdan o‘tkazishni sifatli bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

19. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflarni kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z. Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2019 yil 20 mart
 


Maqola muallifi

Teglar

qaror bog'dorchilik uzumchilik

Baholaganlar

42

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing