Koronavirus yuqtirganlarni ToshMI klinikasiga yotqizish boshlandi

Jamiyat

image

Bugun, 16 aprel holatiga koronavirusga chalingan bemorlarning 325 nafari Toshkent shahida davolanyapti. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

“Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bemorlar soni 1349 nafarni tashkil etdi. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 100 bemorning 26 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 4 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli nisbatan og‘ir va yana 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 101 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 124 bemordan 6 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti”, dedi Otabekov.

Bungacha Toshkent shahrida koronavirus yuqtirgan bemorlar faqatgina ikkita klinikaga joylashtirilayotgandi. Endilikda Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasi ham koronavirus yuqtirganlani davolash uchun foydalaniladigan bo‘libdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Bugungacha kasallanganlarning 107 nafari davolangan, 4 nafari vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang,  #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

225

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing