“Menga tegmasa bo‘ldi” – Norboyeva senatorlarni ogohlantirdi

Jamiyat

Bugun, 28 fevral kuni Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tyapti. Yalpi majlisda Senat raisi Tanzila Norboyeva ayrim senatorlarning “mendan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida ishlashini tanqid qildi.

“Sizlarga biz qonun hujjatlarini oldindan jo‘natdik. Bunaqasi tarixda bo‘lmaganki, ikki hafta oldin hujjatlar joylarga tushirilib, xalqimiz o‘rtasida muhokama qilindi. Bu birinchi marta bo‘ldi.

Biz senatorlar faoliyatini ham kuzatdik. Ayrim senatorlarimiz juda faol ishtirok etdi. Lekin ayrim senatorlarimiz birinchi oylardan judayam passiv, “menga tegmasa ham bo‘ldi” qabilida ish boshladi.

Shuning uchun men ogohlantirmoqchiman, Senatimizning ish tartiblariga ham o‘zgartirish kiritildi. Ya’ni, har bir qo‘mita endi hisobotini berib boshlaydi. 3-4 oydan keyin har bir qo‘mita yalpi majlislarda o‘zi qilgan ish hisobotini berib boradi. Qo‘mita deganda faqatgina rais va uning o‘rinbosari emas, uning a’zolari ham”, dedi Tanzila Norboyeva.

Senat raisi yalpi majlislarni o‘tkazish tartibi ham optimallashtirilganini ma’lum qildi. Endilikda yalpi majlis 1 kun davom etadi.

“Yalpi majlisni o‘tkazish tartibini ham optimallashtirdik. Ya’ni, biz ikki kun hamma masalalarni cho‘zib o‘tirmaymiz. Ortiqcha ma’ruzalar bo‘lmaydi. Chunki masalalarni o‘rganish jarayonlari qo‘mitalarda va joylarda amalga oshirildi. Bu yerda savollar bo‘lsa, berishingiz mumkin bo‘ladi. Hukumat a’zolarini ham taklif qilganmiz.

Hukumat a’zolariga ham yangilik. Biz ertalabdan-kechgacha o‘tirishingiz tarafdori emasmiz. O‘zlaringizga taalluqli bo‘lgan masallar tugagach, tanaffusda majlisni tark etishingiz mumkin”, deydi Norboyeva.

Suratlar muallifi: Bahodir Ahmedov


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Senat

Baholaganlar

132

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made