Koronavirus statistikasidagi chalkashlik va noaniqliklarning 9 sababi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida ba’zi soha xodimlarining, umuman, biror bemorning koronavirusdan vafot etganligi haqidagi ma’lumotlar SSV statistikasida qayd etilmayotgani haqidagi xabarlarga duch kelayotganimiz ko‘pchilikka sir emas. Holatni o‘rganib chiqib, sabablarini aniqlashga urindik.

1-sabab. Aholi o‘rtasida tibbiy va huquqiy madaniyatning (ayni vaziyatda bu muammo dolzarblashdi) yetishmasligi. Mahalliy poliklinikalar, shifoxona va boshqa tibbiyot maskanlarida bemorni bevosita ko‘rikdan o‘tkazish ishlari sustlashdi. Shifokorlar faqat telefon orqali maslahat bilan cheklanmoqda. Og‘ir ahvolda qolgan bemor faqat pullik tibbiy xizmatdan najot izlashi mumkin bo‘lib qoldi. Vaholanki, bepul tibbiy xizmat yurtimizda bekor qilinmagan.

2-sabab. COVID-19 ga tahlil o‘tkazish xizmati pullik va ixtiyoriyligi.

3-sabab. Aholi o‘rtasida karantin qoidalariga rioya qilmaslik holatlari ko‘payganligi (jamoat joylarida maskasiz yurish, gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, to‘y, ma’raka marosimlarini o‘tkazish bo‘yicha belgilangan tartiblarga amal qilmaslik). Bu vaziyat virusning zararli “o‘chog‘i” ob’ektini aniqlash va nazorat qilish ishlariga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.

4-sabab. Risk zonalarida (karantin zonalar, shifoxonalar, reabilitatsiya markazlari) faoliyat yuritgan va yuritayotgan shifokorlar, haydovchilar, oshpazlar hamda boshqa soha xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy muxofazalanmaganligi (zaruriy texnik ta’minoti, dori-darmon, maxsus kiyim, niqob, qo‘lqop, antiseptik vositalar yetishmovchiligi, ish haqi to‘lovlarining o‘z vaqtida amalga oshirilmayotganligi).

5-sabab. Tez yordam xizmatining tibbiy, texnik va moddiy yetishmovchiliklar sababli sustlashganligi (qo‘ng‘iroqlarga javob bermaslik, chaqiruvlarni qabul qilmaslik, bemor holatidan kelib chiqib “otangga bor-onangga bor” qabilida ish tutish holatlari ko‘paydi). Bemor o‘z uyida, atrofidagilarga virusni yuqtirish ehtimoli kuchli bo‘lgan vaziyatda o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi oqibatida aniq tashxissiz o‘z-o‘zini davolash bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lmoqda.

6-sabab. Mentalitetimiz udumlari bilan bog‘liq bo‘lib, COVID-19 virusining yaqqol belgilari mavjud bo‘lgan bemorning uy sharoitida samarasiz davolanishi oqibatida vafot etishi va yaqin qarindoshlar tomonidan dafn marosimini o‘tkazish maqsadida o‘lim sababini soxtalashtirish holatlari uchramoqda. Chunki so‘nggi paytlarda xavfli virusning yaqqol belgilari mavjud bo‘lgan bemorga tez yordam xizmati ko‘rsatilmayapti. Pullik tez yordam xizmati chaqirilganida mashina shifokorsiz (!) kelib, bemorni faqat biror shifoxonaga (u yerda bemorga bo‘sh joy topilsa agar) olib borib qo‘yishi mumkin. Aks holda bemor uyda chorasizlikdan vafot etishi hollari ko‘paymoqda.

7-sabab. Koronavirus tashhisini o‘tkazish, davolash va dori-darmon ta’minoti ishlarining “marketinglashuvi”, bu qat’iy karantin vaziyatida nochor ahvolda yashayotgan aholi qatlami uchun butunlay imkonsiz vaziyatni yuzaga keltirdi.

8-sabab. Tegishli idoralar orqali (mahalliy SEOMlarda) belgilangan tartibda koronavirus infeksiyasiga bepul tashhis o‘tkazish ishlarining ortiqcha qog‘ozbozlik bilan bog‘liqligi (mazkur maqola tayyorlanish jarayonida bu tartibga biroz yengilliklar kiritildi, lekin uning ijrosi qay darajada amalga oshadi buni faqat vaqt ko‘rsatadi). Shuningdek, bepul tashxis xizmati faqat Hukumat doirasidagi idora xodimlari uchun o‘tkazilayotgani va bu ijtimoiy tabaqalanishga olib kelayotgani bilan aholi noroziligini uyg‘atmoqda.

9-sabab. Hukumat tomonidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar faqat qog‘ozda qolib ketayotgani, tegishli mas’ullar tomonidan nazorat qilinmayotgani.

Muhayyo Saidova, jurnalist


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

243

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made