O‘zbekistonda yangi telekanal ish boshlashi mumkin
Jamiyat
−
15 Oktabr 2019
7791O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi muhim ahamiyatga ega tarmoqlardan biri hisoblanadi. Chunonchi, mamlakatda keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksporti sezilarli darajada o‘sdi. Aholining tomorqa bilan ishlash madaniyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligini isloh qilish muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Shu bois qishloq xo‘jaligiga oid muhim yangiliklarni xalqqa yetkazadigan yangi telekanal tashkil etish bo‘yicha “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida "AGRO TV” telekanalini tashkil etish haqida petitsiya e’lon qilindi.
“Bugungi kunda respublikamizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligi sohasida ham amalga oshirilayotgan o‘zgarish va islohotlar xalqni juda xursand qilmoqda”, deb yozadi murojaat muallifi.
Bildirilishicha, mamlakat aholisining ko‘pchilik qismi qishloq joylarida istiqomat qilgani sababli, aholiga qishloq xo‘jalik sohasida samarali mehnat qilish va daromad topishga imkoniyat yaratilmoqda.
Ta’kidlanishicha, hozirda issiqxona tashkil etganlik, tovuq, tuyaqush, qoramol boqqanlik, qalampir yetishtirganlik, paxta va bog‘dorchilik yo‘nalishlarida ko‘plab imtiyozli kreditlar berilmoqda, kundan-kunga yangiliklar qilinmoqda.
“Biroq ko‘pchilik bular haqida bilishmaydi. Shu maqsadda, ular haqida aholiga batafsil ma’lumotlar beruvchi, qishloq xo‘jaligi sir-asrorlarini o‘rgatuvchi maxsus “AGRO TV” telekanalini tashkil etish kerak”, deyiladi petitsiyada.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, “AGRO TV” telekanalini tashkil etishni taklif qilinmoqda.
LiveBarchasi