Bahodir Jalolovga ikki xonali uy topshirildi

Sport

image

Surxondaryo viloyati hokimligi binosida boks bo‘yicha O‘zbekiston mamlakatimiz terma jamoasi a’zosi, xalqaro toifadagi sport ustasi, Jahon kubogi sohibi, jahon hamda Osiyo chempionatlari sovrindori, ko‘plab xalqaro musobaqalar g‘olibi Bahodir Jalolovga Termiz shahridan barcha sharoitlarga ega 2 xonali uyning kaliti tantanali tarzda topshirildi.

Shu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sport federatsiyalari mutasaddilari, murabbiylar hamda sportchi yoshlar ishtirok etishdi.

Ma’lumot uchun, Bahodir Jalolov 1994 yilning 8 iyulida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug‘ilgan.

B. Jalolov 2015 yilda Rossiyada o‘tkazilgan boks bo‘yicha Jahon kubogida xalqaro miqyosdagi ilk zafarli jangini o‘tkazib, oltin medal sohibiga aylangan. U ko‘plab xalqaro musobaqalar qatori 2016 yilda Braziliyaning Rio de Janeyro shahrida o‘tkazilgan Yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi hamdir.

Iqtidorli bokschi 2019 yilning aprel oyida AQSHning Nyu-York shtatida o‘tkazilgan bahslarda “NABF Junior” titul kamarini, Tailandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan. U hozirda 2020 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga puxta hozirlik ko‘rmoqda.

“Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik menga nufuzli xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sport sharafini munosib himoya qilishda zimmamda yanada katta mas’uliyat yuklaydi”, deydi mahoratli bokschi Bahodir Jalolov.


Maqola muallifi

Teglar

Bahodir Jalolov Boks

Baholaganlar

53

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing