Fotoreportaj: O‘zbekistonning “Niagara”si

Bu qiziq

IMG_0346

Termiz shahridan ancha uzoq Sariosiyo tumaniga, Sangardak sharsharasini ko‘rish uchun yo‘lga tushdim. Ikki yuz kilometrga yaqin yo‘lni taksida deyarli 3 soatda bosib o‘tdik. Yo‘lda ketayotib zerikmaysiz, atrof yam-yashil, daraxtlar ko‘p.

Surxonga yo‘lingiz tushsa, albatta Sariosiyo tumaniga boring. Nega deysizmi? Har tarafi tog‘lar bilan o‘ralgan jannatmakon o‘lka, Sariosiyo tumanida dengiz sathidan 2 ming metr yuqorida joylashgan, balandligi deyarli 150 metrli Sangardak sharsharasi bor.

Kimdir sharsharani ko‘rish uchun bahorda borgan yaxshi deydi, yana kimdir yozda va hokazo. Sangardakni ko‘rish uchun har qanday faslda borish birdek zavqli.

Sangardak sharsharasi shu yerda joylashgan qishloq nomi bilan atalgan. Sang-tosh so‘zidan olingan bo‘lib, tosh o‘rtasidagi qishloq degan ma’noni beradi. Haqiqatda ham shunday, ushbu qishloq ikki tomoni baland tog‘lar bilan o‘ralgan so‘lim maskandir.

Sharshara atrofida suratga olib, tabiatning in’omidan zavqlanib o‘tirsam tojikistonlik sayyohlarga bu yer haqida hikoya qilib berayotgan mahalliy aholi vakilining gaplari qulog‘imga chalinib qoldi. Rivoyatlarga ko‘ra, ushbu sharshara 16-17 asrlarda paydo bo‘lgan ekan. Sharshara O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan yillarda tilga olina boshlagan va keyinchalik mashhur bo‘lib ketgan.

Ba’zan, televizior orqali turli hujjatli filmlarda mashhur sharsharalar haqida ko‘rganimda, nega o‘zimizniki haqida bunchalik ma’lumot kam deb o‘ylab qolardim. Balki, internet saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda u haqida ma’lumotlar bordir, biroq juda kam va g‘aliz.

Ayniqsa, ushbu sharsharaning borlig‘ini to‘la ochib bera oladigan suratlarning kamligi dilni xira qiladi. Shunday javohirimiz boru, lekin u haqda na O‘zbekiston xalqi yaxshiroq biladi, na xorijlik sayyohlar.

Ko‘rdimki, bu yerga kelgan sayyohlarning aksariyati mahalliy, xorijdan deganimiz ham tojikistonliklar xolos.

Balandlikdan tushayotgan suvning ohangi kishiga zavq bag‘ishlab, asab tolaalrini erkalaganday bo‘ladi. Ayniqsa, yuzingizga urilgan suv zarralari, tog‘ning salqin shabbodasi hayotga bo‘lgan yangicha qarash, yuqori kayfiyatni baxsh eta oladi.

Biz e’tiboringizga Sangardak sharsharasidan tayyorlagan fotoreportajimizni taqdim qilamiz. Ko‘ring, zavqlaning, bu maskanga borishga albatta ahd qiling, vaqtingizga achinmaysiz. To‘g‘ri televizorda ko‘rgandirsiz, eshitgandirsiz, biroq sharshara haqidagi haqiqiy zavqni oldiga boribgina his qilish mumkin.

Ushbu fotoreportaj Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi(USAID), Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish tarmoq markazi hamkorligida "Suv, ta’lim va hamkorlik" (Smart Waters) loyihasi  doirasida amalga oshirildi.

"Smart Waters" loyihasi doirasida yozgi maktab ishtirokchilari bo‘lgan Qozoq-Nemis universitetining Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Respublikalaridan bo‘lgan talabalari, TIQXMMI talabalari Surxondaryo viloyatidagi suv taqsimlash inshoatlari, suv omborlari, nasos stansiyalari, gidroelektro stansiyalari va Sangardak sharsharasida ham bo‘ldi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

165

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing