Qashqadaryoda tug‘ilgan Shavkat, Miromon va Mirziyoning otasiga avtomobil sovg‘a qilindi

Jamiyat

1

O‘zbekistonda egiz tug‘ilgan 3 farzandga mamlakat Prezidentiga havas qilib ism qo‘yish borgan sari urfga kirib boryapti. Bugungacha Xorazm, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahrida dunyoga kelgan egizak farzandlarga Shavkat, Miromon va Mirziyo deb ism qo‘yilgandi. Toshkentlik oilaga Prezident sovg‘asi – avtomobil berilgandi. Navbatdagi sovg‘a qashqadaryolik oilaga topshirildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga Qashqadaryo viloyati Matbuot xizmati xabar berdi.

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining Qo‘rg‘ontepa qishlog‘ida tarix fani o‘qituvchisi Sherzod Do‘stmurodov oilasida dunyoga kelgan 3 nafar egizak farzandlarga davlat rahbariga havas qilib Shavkat, Miromon va Mirziyo deb ism qo‘ygan. 

Bayram arafasida Qashqadaryo viloyati hokimligi va tuman mutasaddilari chaqaloqlarning durkun va sog‘lom ulg‘ayishlari uchun ularning ota-onalariga eng kerakli bo‘lgan anjomlar va uy-ro‘zg‘or buyumlarini va Spark avtomashinasini sovg‘a qildi.

“2017 yil men uchun juda omadli kelgandi, 2019 yil esa undan ham omadli yil bo‘ldi. Yaratgan 21 yanvar kuni 3 nafar polvondek o‘g‘il berdi. O‘sha kuni tug‘uruqxonada yangilikni eshitgan paytimdagi quvonchimni so‘z bilan tasvirlash qiyin. O‘sha damda dunyoda mendan-da baxtli ota bo‘lmagan bo‘lsa kerak”, deydi egizak farzandlarning otasi Sherzod Do‘stmurodov.

Egizaklar guvohnomasida qayd etilishicha, Miromon 3,5 kg, Mirziyo 2,8 kg, Shavkat esa 2,5 kg tug‘ilgan.

“Bugungi kunda farzandlarimning ahvoli va salomatligi juda yaxshi, Nasib etsa yurtimiz koriga yaraydigan yigitlar bo‘lishsin”, deydi Sherzod Do‘stmurodov.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida o‘tgan yilning 18 dekabr kuni Ruslan Qoryog‘diyev va Mohigul Shoyiqulovalar oilasida uch egizak o‘g‘il farzand dunyoga kelgandi. Chaqaloqlarning ota-onasi farzandlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sharafiga Shavkat, Miromon, Mirziyo deb ism qo‘ydilar. Go‘daklarning ota-onasiga Prezident sovg‘asi – Cobalt avtomashinasi hadya qilingandi.

2017 yilning dekabr oyida ​Xorazmning Gurlan tumanida Mansurbek Matjonov dunyoga kelgan uch o‘g‘liga Shavkat, Miromon va Mirziyo deb ism qo‘ygandi.

2017 yilning aprel oyida esa Buxoroda Jamshid Shodiyev birvarakayiga tug‘ilgan uch o‘g‘lini Shavkat, Miromon va Mirziyo deb nomlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Chiroqchi tumani Prezident sovg'asi

Baholaganlar

58

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing