Toshkentda D.I.Mendeleyev nomidagi RKTU filiali ochiladi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 7 iyun kuni “Toshkent shahrida “D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori

Respublika iqtisodiyotining sanoat tarmoqlari uchun malakali kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish, oliy ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, 2018-2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan amaliy tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”)ni ijro etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “O‘zkimyosanoat” AJ va “D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasining (Rossiya Federatsiyasi) (keyingi o‘rinlarda –Universitet) Toshkent shahrida “D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin (keyingi o‘rinlarda – Filial).

2. Quyidagilar Filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

•    respublikaning sanoat tarmoqlaridagi muhim ilmiy-texnologik vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq tayyorlash;

•    nanomateriallar kimyoviy texnologiyasi, materialshunoslik va materiallarni korroziyadan saqlash, materiallarga badiiy ishlov berish texnologiyasi va sanoat ishlab chiqarishining boshqa sohalarida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish;

•    ta’lim hamda ilm-fanning uzluksizligi va izchilligi, shuningdek, ularni jahon ta’limi va ilm-fani hamjamiyatiga integratsiya qilish hisobiga mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

•    muhandis-texnik va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan yangi ta’lim dasturlari hamda o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va tatbiq etish;

•    ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning yaqin integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratish;

•    ilmiy-pedagogik salohiyatning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalar va o‘qitish usullarini faol takomillashtirish;

•    ta’lim hamda ilmiy-texnikaviy sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va biznes hamjamiyati bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash.

3. Belgilansinki:

•    Filial Universitetning alohida tarkibiy bo‘linmasi – oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;

•    Filial, Universitet bilan kelishgan holda, ta’limning bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olib, barcha darajalardagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, shu jumladan, ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash ishlarini amalga oshiradi;

•    Filialda o‘qitish rus tilida, Rossiya Federatsiyasining federal ta’lim standartlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlar asosida amalga oshiriladi;

•    Filialning ta’lim faoliyati 2019/2020 o‘quv yilidan boshlanadi;

•    Filialga abituriyentlarni qabul qilish, ta’lim faoliyati va Filial bitiruvchilarini attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilanadigan talab, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

•    Filial bitiruvchilariga o‘qishni bitirganlaridan so‘ng O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan belgilangan namunadagi diplom beriladi.

4. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:

a) Universitet quyidagilarni ta’minlashda ko‘maklashadi:

•    o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etish;

•    Filial mutaxassislarining malakasini oshirish va professor-o‘qituvchilar tarkibini qayta tayyorlash;

•    Filial kutubxona fondini shakllantirish hamda uni zamonaviy o‘quv, o‘quv-uslubiy va ilmiy-texnikaviy adabiyotlar bilan to‘ldirish;

b) Toshkent kimyo-texnologiya instituti Filialning akademik hamkori hisoblanadi va u:

•    Filialning professor-o‘qituvchilari tarkibini shakllantirishga ko‘maklashadi;

•    ilmiy-metodik yordam ko‘rsatadi, laboratoriya va ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish uchun laboratoriya xonalari, o‘quv adabiyotlari hamda uskunalarni beg‘araz asosda taqdim etadi.

5. Quyidagilar:

•    Toshkent shahridagi “D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialida kadrlar tayyorlash bo‘yicha bakalavriat ta’limining asosiy yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari 1-ilovaga muvofiq;

•    Toshkent shahridagi “D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialining Vasiylik kengashi tarkibi (keyingi o‘rinlarda – Vasiylik kengashi) 2-ilovaga muvofiq;

•    Toshkent shahridagi “D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish bo‘yichaTashkiliy komissiya tarkibi 3-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

6. Tashkiliy komissiya:

•    2019 yil 1 avgustga qadar Filialni joylashtirish bo‘yicha bino va inshootlardagi zarur ta’mirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirsin, shuningdek, Filial talabalari va o‘qituvchilari yashashi uchun yotoqxona tayyorlasin;

•    2019 yil 25 avgustga qadar Filialni joylashtirish hamda uni zarur mebel, inventar, zamonaviy o‘quv va laboratoriya uskunalari, kutubxona fondi, kompyuter va boshqa orgtexnika bilan ta’minlansin.

7. Belgilab qo‘yilsinki:

a) Filialga qabul kvotalari manfaatdor vazirlik va idoralarning tegishli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olib, Universitet hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda, Filial Vasiylik kengashining qarori bilan tasdiqlanadi;

davlat granti asosida ta’lim olgan Filial bitiruvchilarirespublika tashkilotlariga besh yildan kam bo‘lmagan muddatga majburiy ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi;

b) Filial faoliyatini moliyalashtirish:

•    talabalarni davlat grantlari bo‘yicha o‘qitish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, biroq Filialga o‘qishga qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 40 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda;

•    talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

•    Vasiylik kengashi qarorlari asosida shakllantiriladigan pul mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda maqsadli badallari;

•    xalqaro moliya institutlari grantlari;

•    qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

8. Filial Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, TTZ-1 mavzesi, 47-uyda joylashgan Mirzo Ulug‘bek sanoat kasb-hunar kolleji binosiga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

Belgilab qo‘yilsinki, Mirzo Ulug‘bek sanoat kasb-hunar kolleji o‘quvchilari o‘quv jarayonini Mirzo Ulug‘bek sanoat kasb-hunar kolleji binosida o‘qishlari bitgunga qadar davom ettiradilar.

9. “O‘zkimyosanoat” AJ korxonalarining ularning mablag‘lari hisobidan Filialni tashkil etish, uning moddiy-texnika va o‘quv bazasini shakllantirish bilan bog‘liq tashkiliy tadbirlarni, shu jumladan, bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, zarur mebel, inventar, zamonaviy o‘quv va laboratoriya uskunalari, kompyuter va boshqa orgtexnika, kutubxona fondi bilan ta’minlash ishlarini moliyalashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

10. Belgilab qo‘yilsinki, Filialga Universitetdan jalb qilinadigan professor va o‘qituvchilarning xizmat safari xarajatlari o‘quv jarayonining ehtiyojlaridan kelib chiqib, tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

11. Filialga o‘qituvchilik va ilmiy faoliyat olib borish uchun taklif etiladigan xorijlik professor-o‘qituvchilarning yashash hamda transport xarajatlarini tuziladigan shartnomalar asosida, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflarda to‘lashga ruxsat berilsin.

12. Belgilansinki, Filial ta’minoti uchun byudjet ajratmalari 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining ijtimoiy soha bo‘yicha tasdiqlangan xarajatlar parametrlari doirasida ajratiladi, 2020 yildan boshlab esa mazkur sohaning yillik xarajatlar parametrlarida nazarda tutiladi.

13. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Universitet va “O‘zkimyosanoat” AJ bilan hamkorlikda:

•    ikki oy muddatda ta’sis hujjatlari ishlab chiqilishi va kelishilishi, Filialning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi va uning tashkiliy tuzilmasi tasdiqlanishi;

•    2019 yil 1 avgustga qadar Filialning tanlov asosida malakali professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan to‘ldirilishini ta’minlasin.

14. Filialga ikkita yengil avtotransport, jumladan, bitta xizmat va bitta navbatchi avtotransport vositasini saqlashga limit ajratilsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Filial buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilar tarkibi va ma’muriy xodimlar hamda ularning oila a’zolari uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yig‘imlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Filial buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilar tarkibi va ma’muriy xodimlar hamda ularning oila a’zolari uchun davlat boji undirilmasdan belgilangan tartibda ko‘p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash manzillari bo‘yicha vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishi hamda uning muddati uzaytirilishini ta’minlasin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Filial buyurtmanomalariga binoan chet el fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini olib borish uchun tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) ta’minlasin.

18. 2022 yil 1 iyunga qadar Filial faoliyatini ta’minlash va uni jihozlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan o‘quv va ilmiy laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, o‘quv va ilmiy-metodik adabiyot, inventar va moddiy-texnik resurslar bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.

19. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 
20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                                        

Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 7 iyun

 


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori

Baholaganlar

23

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing