O‘zbekistonlik xonanda Alisher Usmonovga atab qo‘shiq kuyladi

Madaniyat-san’at

Musiqaning rep janrida ijod qiluvchi o‘zbekistonlik 41 yashar xonanda San Jay (Sanjar Javberdiyev) taniqli milliarder Alisher Usmonovga atab qo‘shiq kuyladi. 

Xonanda ushbu qo‘shiqdan parchani Instagram’dagi sahifasiga joylashtirib, qo‘shiq Usmonovning tavallud kuni munosabati bilan yozilganini aytgan. 

Bir necha yillardan buyon Rossiyada istiqomat qilib kelayotgan o‘zbek millatiga mansub bo‘lgan, asli namanganlik Alisher Usmonov joriy yilning 9 sentyabr kuni 66 yoshni qarshilaydi. Xonandaning ta’kidlanishicha, bu qo‘shiqning dastlabki (demo) versiyasi yozildi.   

Eslatib o‘tamiz, Alisher Usmonov  “USM Holding” aksiyadorlik jamiyati ta’sischisi va rahbari, “Metalloinvest”, “Megafon” kompaniyalarini nazorat qiladi va Mail.Ru Group hissadori hisoblanadi. “Forbes” jurnali reytingida 1,1 milliard dollar daromad bilan beshinchi o‘rinni egalladi.

San Jay O‘zbekistonda 2018 yil o‘rtalariga kelib ijod qilishni boshladi. Navoiylik bo‘lgan xonanda ko‘p yillar Chechenistonda faoliyat olib borgani ma’lum. Uning Sherali Jo‘rayev ijrosidagi “Karvon ko‘rdim” qo‘shig‘ini qayta kuylashi ko‘plab musiqa ixlosmandlari tomonidan tanqidlarga uchradi. Biroq, yoshlar auditoriyasi qo‘shiqni iliq kutib oldi. 

Xonandaga tashqi ko‘rinishi, xususan soqoli sabab “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan ma’lum vaqt taqiq qo‘yildi. Ayni damda San Jay konsert-tomosha faoliyatini olib borish huquqini beruvchi litsenziyaga ega. 

O‘zbek boylariga atab qo‘shiq kuylash bilan bog‘liq holat avvaldan uchrab kelgan. Bundan avval sobiq ittifoqda tanilgan rus xonandalaridan bir qanchasi, qolaversa bir qator o‘zbek xonandalari o‘zbekistonlik taniqli boylardan biri, sport homiysi, MOQ vitse-prezidenti, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliyevga ham atab qo‘shiq kuylagan.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Usmonov San Jay

Baholaganlar

261

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing