Senatning navbatdagi yalpi majlisi sanasi ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi joriy yilning 23 avgust kuni chaqiriladi. Bu haqda bugun, 19 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisida qaror qabul qilindi.

Senat Matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, yalpi majlis kun tartibiga “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi, “Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida”giO‘zbekiston Respublikasi qonunlari kiritilgan.

Senat a’zolari Oliy Majlis byudjetini shakllantirish va ijro etishning yangi mexanizmlari joriy etilishi, saylov, xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarigao‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi masalalarni ham ko‘rib chiqadilar.

Shuningdek, senatorlar Xalqaro mehnat tashkilotining sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi to‘g‘risidagi 81-sonli, qishloq xo‘jaligida mehnat inspeksiyasi to‘g‘risidagi 129-sonli konvensiyalarini va boshqa xalqaro hujjatlarniratifikatsiya qilish bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi qonunlariniham muhokamaqiladilar.

Yalpi majlisda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil ikkinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti, ichki ishlar va tashqi ishlar vazirlari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining axborotlari, shuningdek Xorazm viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitiladi.

Senat a’zolari bo‘sh turgan, qurilishi tugallanmagan ob’ektlardan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanishga doir qonun hujjatlari ijrosi holatini o‘rganish natijalari, shuningdek  bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari holati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish to‘g‘risidagi masalalarni ham muhokama qiladilar.

Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining yigirma birinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun ishchi guruh tuzildi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat yalpi majlis

Baholaganlar

5

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing