Otabek Shukurov Londonda operatsiya qilinadi

Sport

image

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va BAAning “Sharja” klubi yarim himoyachisi Otabek Shukurov “China cup-2019” xalqaro musobaqasidan o‘rin olgan Xitoyga qarshi o‘yinda jarohat olib, maydonni erta tark etgandi.

Keyinchalik tekshiruvlar natijasida Shukurovning boldir suyagi pastdan singani va u kamida 2 oy maydonga tusha olmasligi ma’lum bo‘ldi. Milliy terma jamoa shifokorlari mahalliy shifoxonada Otabek Shukurovga dastlabki tibbiy yordamni ko‘rsatgach, futbolchi davolanishni davom ettirish uchun o‘z klubi ixtiyoriga yo‘l oldi. Chunki bunday hollarda futbolchi jarohatini davolash uchun klub bilan maslahatlashgan holda ish tutishi talab etilardi. “Sharja” klubi shifokorlari Otabek Shukurovning jarohatini ko‘zdan kechirib, operatsiya orqali davolashga qaror qilishdi. Endilikda futbolchi Londonda operatsiya qilinadi. Hozirda u hujjatlar bilan bog‘liq rasmiyatchiliklar tugashini kutmoqda. Bu haqda O‘FA Matbuot xizmati xabar berdi.

Otabek Shukurovga jarohat yetkazgan Xitoy milliy terma jamoasi va “Guanchjou Evergrand” klubi hujumchisi Vei Shi Xao o‘yindan keyin futbolchimizning oldiga kelib, undan uzr so‘rab, qilgan ishi uchun pushaymon ekanini ma’lum qilgandi. Qolaversa, Xitoy terma jamoasi yordamchi murabbiyi, shifokori, menejeri ham Otabek Shukurovdan xabar olib, futbolchilarining harakatlaridan afsusda ekanliklarini aytib o‘tishgandi.

Shunga qaramay, “Guanchjou Evergrand” klubi futbolchisining Shukurovga nisbatan qo‘polligini qattiq qoralab, Vei Shi Xaoni klub o‘yinlaridan chetlatgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Qolaversa, Vei Shi Xao harakatlari o‘rganib chiqilib, futbolchi bir umrga futboldan chetlatilishi ham mumkinligi e’lon qilingandi. 

Otabek Shukurov bu holatga munosabat bildirar ekan: “Jarohatdan so‘ng mavsumning qolgan qismida klubimga yordam bera olmasligimni bilib, juda ham tushkunlikka tushib qolgandim. Do‘stlarim, muxlislarim meni qo‘llab-quvvatlashi natijasida tushkunlikni bir oz bo‘lsada yengib o‘tishga muvaffaq bo‘ldim. Ammo menga jarohat yetkazgan Ve Shi Xao klubi tomonidan jazolanganini, ma’lum muddat maydonga tusha olmasligini eshitganimdan keyin yana xafa bo‘ldim. Kelajakka katta umidlar bilan boquvchi yosh futbolchi sifatida maydonga tusha olmay, futboldan chetda bo‘lish qanchalik katta fojea ekanini yaxshi bilaman. Professional futbolchi sifatida futbolda jismoniy to‘qnashuvlar tabiiy ekanini tushunaman, Vei Shi Xao o‘yindan keyin oldimga kelib, uzr so‘raganda, men uning uzrini qabul qilganman. Shu sababli men "Guanchjou Evergrand" klubiga rasman murojaat qilib, futbolchiga belgilangan jazo chorasini yumshatishni so‘rab qolgan bo‘lardim” deb aytib o‘tidi.


Maqola muallifi

Teglar

Otabek Shukurov

Baholaganlar

33

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing