Ahmadjonov: “O‘zbekistonni futbol fabrikasiga aylantirishimiz lozim”

Sport

image

“Iqtidorlarni tarbiyalash orqali O‘zbekistonni futbol fabrikasiga aylantirishimiz lozim”, deydi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov viloyat futbol federatsiyalari va futbol akademiyalari rahbarlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda. 

Bugun, 19 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida viloyat futbol federatsiyalari va futbol akademiyalari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov ham ishtirok etdi.

“Tarbiyalangan futbolchilarni sotish orqali akademiyalar o‘zini qoplashi va daromad ko‘rishi kerak. Ishlab topilgan mablag‘ orqali hududda futbolni yanada rivojlantirish mumkin bo‘ladi. Biz birgalikda ana shu tizimni yaratib olishimiz lozim. Rejalar har bir viloyat uchun alohida ishlab chiqiladi”, deydi Ahmadjonov. 

Yig‘ilish davomida mutasaddilar o‘z viloyatlarida futbolni ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot bergan. Shuningdek, akademiyalar faoliyatini rivojlantirish, murabbiylar malakasini oshirish, muxlislarni stadionga jalb qilish va boshqa masalalar ko‘rib chiqilgan.

MOQ rahbari futbol akademiyalarini zamonaviy ko‘rinishga keltirish bo‘yicha tegishli loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Unga ko‘ra, yaqin kunlarda akademiyalar infratuzilmasini rivojlantirish, ish tizimini tashkil etish bo‘yicha loyihalar tayyorlanadi.

Yig‘ilishda Superliga uchrashuvlari davomida muxlislarni stadionga jalb qilish, ommaviylikni oshirish masalalari ham keng muhokama qilindi. Mutasaddilar bu borada o‘z takliflarini, fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

15

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing