Prezident qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 17 aprel kuni “2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori

Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash sohasida izchil siyosat amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2017-2018 yillarda qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimining infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borildi, 13 ta sanitariya jihatidan tozalash davlat unitar korxonalari hamda ularning tuman va shaharlardagi 172 ta filiali, shuningdek, 9 ta maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlari tashkil etildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar aholining deyarli yarmini sanitariya jihatidan tozalash xizmatlari bilan qamrab olinishiga imkon berdi.

Shu bilan birga qishloq aholi punktlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlarning yetarli darajada ta’minlanmaganligi, qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi infratuzilmaning qoniqarsiz holatda ekanligi, mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlarining sanitariya talablari va ekologik me’yorlarga muvofiq kelmasligi mazkur sohada kompleksli chora-tadbirlarni qabul qilishni talab etmoqda.

Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish bo‘yicha samarali tizimni yaratish, ularning fuqarolar sog‘lig‘i va atrof-muhitga zararli ta’sirini bartaraf qilish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PF–5635-son “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi, 2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda – Strategiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

aholining qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlashga yo‘naltirilgan sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasini rivojlantirish;

qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish;

poligonlarga ko‘mish uchun yo‘naltiriladigan qattiq maishiy chiqindilar hajmini kamaytirish, sanitariya va ekologik me’yorlar talablariga muvofiq keladigan zamonaviy qattiq maishiy chiqindi poligonlarini yaratish, shuningdek, mavjud poligonlarni yopish va rekultivatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rish;

sanitariya jihatidan tozalash sohasida narxlar shakllanishini takomillashtirish va tariflarni optimallashtirish;

qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish ob’ektlaridan muqobil energiya manbalari sifatida foydalanish.

2. Quyidagilar Strategiyaning asosiy prinsiplari etib belgilansin:

Strategiyani amalga oshirishning barcha bosqichlarida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish;

qattiq maishiy chiqindilarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida ular bilan amalga oshiriladigan barcha jarayonlar ustidan nazoratni ta’minlovchi qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish;

chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha xarajatlar chiqindilarni hosil qiluvchilar tomonidan qoplanishini ko‘zda tutuvchi, tegishli huquqiy va iqtisodiy asoslarni yaratish zaruriyatini belgilovchi“ifloslantiruvchi to‘laydi” prinsipini joriy etish;

tanlov asosida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish jarayonining ochiqligi va shaffofligi.

3. Strategiya quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishi belgilansin:

birinchi bosqich (2019-2021 yillar) – qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilik bazasini
va iqtisodiy tartibotlar mexanizmlarini takomillashtirish, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishning samarali tashkil etilishini ta’minlash maqsadida sanitariya jihatidan tozalashning moddiy-texnik bazasini va infratuzilmasini rivojlantirish, to‘lov intizomini mustahkamlash, qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida ekologik ta’lim tizimini rivojlantirish uchun metodik va axborot ta’minotini yaratish;
ikkinchi bosqich (2022-2028 yillar) – qattiq maishiy chiqindilarni saralab yig‘ish bo‘yicha infratuzilmani rivojlantirish, poligonlarni optimallashtirish, qayta yuklash stansiyalari va chiqindilarni qayta ishlash ob’ektlarini qurish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlari faoliyatini takomillashtirish, ularning qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, quyidagi maqsadli indikatorlarga erishish:

aholini qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan qamrab olishni 100 foizga yetkazish;

hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilarning kamida 60 foizini qayta ishlashni ta’minlash;

o‘ziga xos qattiq maishiy chiqindilarni (tarkibida simob bo‘lgan chiqindilar, avtoshinalar, akkumulyatorlar, ishlatilib bo‘lingan moylar, qadoqlash chiqindilari va h.k.) qayta ishlash hajmini 25 foizgacha oshirish;

poligonlarga ko‘mish uchun yo‘naltiriladigan qattiq maishiy chiqindilar hajmini 60 foizgacha kamaytirish;

barcha poligonlar holatini o‘rnatilgan talablarga muvofiqlashtirish, yopilgan poligon yerlarini to‘liq rekultivatsiya qilish;

qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish ob’ektlarida muqobil energiya manbalaridan 35 foizgacha foydalanish;

poligonlar holati monitoringini (yer osti (sizot) suvlari va atmosfera havosining holati ustidan nazorat) 100 foizgacha ta’minlash.

4. 2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturi (keyingi o‘rinlarda – Harakatlar dasturi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha Harakatlar dasturida ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi Harakatlar dasturida ko‘zda tutilgan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini, shuningdek, maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli moliyalashtirish mablag‘larining xususiy sektorga jalb qilinishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi aholining ekologik madaniyatini oshirish bo‘yicha ishlarni, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga alohida e’tibor qaratgan holda, keng ko‘lamli targ‘ibot faoliyatini tashkillashtirishni kuchaytirsin.

8. Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri A.J.Ramatovga – Strategiya
va Harakatlar dasturining amalga oshirilishida mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkillashtirish hamda muvofiqlashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.T.Kuchkarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari, mas’ul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlariga – Strategiya va Harakatlar dasturida ko‘zda tutilgan tadbirlarning o‘z muddatlarida bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsad va vazifalarini yoritish bo‘yicha, shuningdek, Strategiya va Harakatlar dasturi amalga oshirilishining borishi to‘g‘risida maqolalar hamda mavzuga oid ko‘rsatuvlarni tashkil etsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 17 aprel

 


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori

Baholaganlar

15

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing