Bektemir tumani hokimligidagilarning “burnida qashqasi” borligi rostmi?

Jamiyat

image

Internet OAVda «Bektemir tuman hokimligining «burnidagi qashqasi» qachon bitadi?» nomli maqola e’lon qilindi. Unga ko‘ra fuqaro Vositjon Dilshodovning murojaatida Bektemir hokimiyati oldidagi chorrahaning avtomobil yo‘l qismi bir oy avval ikki tomondan kavlanib, yer ostidan quvur o‘tkazilgani, biroq yo‘l hanuzgacha tuzatilmay kelayotgani aytiladi. Natijada, aholi bunday aziyat chekmoqda deyiladi maqolada.

Xo‘sh, fuqaro tomonidan bildirilgan fikrlar qanchalik asosli? Agar holat hamon shundayligicha qolayotgan bo‘lsa mutasaddilar nega jim?

Qalampir.uz muxbiri ushbu masalani batafsil o‘rganish maqsadida Bektemir tumani hokimligi Qurilish bo‘limi boshlig‘i Abror Kasimov bilan bog‘landi va ushbu holatga oydinlik kiritdi.

"Ochig‘i, tuman hokimligiga «Xusayn Boyqaro», «Oltintopgan» va «Bektemir» mahallalari fuqarolaridan Bektemir shoh ko‘chasidagi tirbandlik yuzasidan bir nechta arizalar kelib tushgan. Fuqarolar fikrini inobatga olgan  holda, tegishli tashkilotlarga murojaat etilganiga qaramay, ushbu noqulayliklarni tezroq bartaraf etish, aholiga munosib shart-sharoit yaratish maqsadida tuman hokimligi hashar yo‘li bilan yo‘l qurilishi bilan bog‘liq amaliy ishlarni boshlab yubordi", deydi Abror Kasimov.

Xo‘sh, qurilish ishlari boshlangan ham deylik, nega bu jarayon cho‘zilib ketmoqda, sababi nimada?

"Mazkur yo‘lni kengaytirish jarayonida bir necha kommunikatsiya to‘siqlariga duch kelindi. Xususan, har bir kommunikatsiya (elektr energiya, aloqa, yoritish tarmoqlari, svetafor, kuzatuv kamera) tarmoqlari mutaxassislari bilan kelishilgan holda yo‘lni chekka qismiga ko‘chirish ishlari olib borildi. Har bir tarmoqni ko‘chirishda qonun-qoidalari mavjud bo‘lib, shulardan 32 ta aloqa tarmoqlari 119 metrli ko‘chirish, elektr energiya 950 metr, havo uzatish tarmog‘ini yer osti tarmog‘iga almashtirish, 3 ta temir beton ustunlarini qo‘chirish, 6 ta temir beton ustunlari almashtirildi. Shu bois ham tuman hokimligi yonidagi chorrahada fuqarolar va transportlarning harakatlanishi bilan bog‘liq noqulayliklar yuzaga kelgan".

Muammo yechimi uchun qancha fursat kerak, bir kun, bir hafta yoki...

"To‘g‘risi, biz ham bunchalik bo‘lishini kutmagandik. Yuqorida aytganimdek, bugun muammoni tez barataraf qilamiz deb shoshqaloqlik qilsak, qaysidir tizim maromiga yetmay qolsa, yana yo‘lni qaytadan buzishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Shuning uchun hammasi mutaxassislar bilan maslahatlashilgan holda amalga oshirilmoqda. Muammolar tez orada o‘z yechimini topishini ma’lum qilamiz. Bektemir tumani tez fursatda aholi uchun qulay, zamonaviy, yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga «labbay» deya javob beradigan betakror megapolisga aylanadi"

Bektemir tuman hokimligi Qurilish bo‘limi boshlig‘i Abror Kasimovning fikrlarini eshitarkanmiz, uning gaplarida ham jon borligini his etdik.

Kezi kelganda aytish kerakki, bugun O‘zbekistonning qay bir maskaniga bormang qurilish, o‘zgarish, yangilanishga ko‘zingiz tushadi. Qurilish bo‘lgan joyda elektr, suv, gaz va aloqa tarmoqlariga ulanish muammosi bo‘ladi. Muammo nafaqat hokimlikniki, balki u yerda istiqomat qilayotgan aholigi ham tegishlidir. Shunday ekan har qanday muammoni yechim topishi uchun mablag‘, vaqt, e’tibor kerak.  Demak, kutamiz.

Ha aytgancha, fuqarolar ham murojaat qilganda muammoning sababini anglab yetsa, xolis yondashsa foydadan holi bo‘lmaydi.

O‘ylaymizki, Bektemir tuman hokimiyati tez kunda bu muammoga yechim topib, aholining muammolarini bartaraf etadi va yo‘lovchilarning og‘irini yengil qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

34

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing