O‘zbekistonlik ayol birdaniga 4 farzand dunyoga keltirdi

Jamiyat

Hayot — bebaho ne’mat. Unda gohida shunday mo‘’jizalar ro‘y beradiki, beixtiyor ko‘ngillar hayrat va quvonchga to‘ladi. Kuni kecha ana shunday mo‘’jizalardan biri ro‘y berdi. Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi Jo‘rayevlar xonadonida, bir yo‘la 4 nafar egizak farzand dunyoga keldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot kotibi Furqat Sanayev xabar berdi.

O‘tgan yili turmush qurgan Shoira Jo‘rayeva Bekobod shahridagi farmatsevtika zavodida kichik xodim, Bekzod Jo‘rayev esa O‘zbekiston metallurgiya komibinatida injener.

"Quvonchimni, hayajonimni hech qanday so‘z bilan izohlay olmayman. Dastavval 4 nafar egizak kutayotganimni eshitganimda ham xursand bo‘ldim, ham qo‘rqdim. Shifokorlardan minnatdorman. Men bilan yelkama-yelka turib, yaqin jigarlaridek g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdi. Farzandlarim eson-omon tug‘ilishida yordam berishdi", deydi baxtiyor ona Shoira Jo‘rayeva.

Ha, ayolga onalik baxtini hadya etish ham mashaqqatli, ham sharafli. Bu yo‘lda Respublika Perinatal markazida barcha sharoit yaratilgan bo‘lib, xodimlar fidokorlik va jonbozlik ko‘rsatib mehnat qilishmoqda.

"Shoira Jo‘rayeva homiladorlikning boshlanishidan turar joyidagi tibbiyot muassasasida nazoratga olingan. Unda erta tug‘ruq xavfi bo‘lgani uchun avgust oyining oxirida Bekobod shahridan markazga o‘tkazildi. To tug‘ruqqacha unga zamonaviy perenatal texnologiyalar bo‘yicha barcha yordam ko‘rsatildi. Shifokorlarning tajribasi sabab  erta tug‘ruqning oldi olinib, tug‘ruqni 34 haftaga olib borishga erishildi. Bolalarni sog‘-salomat ona qo‘liga topshirish chora-tadbirlarini belgilash maqsadida odatdagidek markaz direktori, o‘rinbosari hamda barcha mutaxassislar ishtirokida tug‘ruq rejasi tuzildi. Tug‘ruq jarayoni uchun barcha zamonaviy  apparatlar shay holatga keltirilib, 21 sentyabr kuni ayol jarrohliq amaliyotiga rejali ravishda olindi", deydi markazning homiladorlar patologiyasi bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi  Dilfuza Hayitova.

Tibbiyot tarixida kamdan-kam kuzatiladigan ko‘p homilali operatsiyalarning asoratli ehtimoli juda kuchli bo‘ladi. Ya’ni bu jarayonda bachadondan qon ketib, ayolning ahvoli og‘irlashishi mumkin. Shu bois barcha zaruriy tayyorgarliklar ko‘rildi. Har bir bolaga to‘liq tibbiy yordam ko‘rsatish uchun alohida mutaxassislar va apparatlar tayyorlandi.

Shu tariqa akusher genekolog, neanotolog, reanimatolog, anisteziolog kabi mutaxassislardan tarkib topgan o‘n kishidaniborat malakali guruh operatsiyada ishtirok etdi.Tug‘ruqning asoratsiz o‘tishi uchun jarrohliq amaliyoti so‘nggi perenatal texnologiyalar bo‘yicha olib borildi. Salkam bir soat davom etgan jarayonda barcha xodimlar birdek jonbozlik ko‘rsatdi. Operatsiya muvaffaqiyatli kechdi. Hozirda chaqaloqlarning uch nafari intensiv bolalar bo‘limida. Bir nafarining ahvoli e’tibortalab bo‘lgani uchun chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limida kuzatuv va intensiz davolash jarayonida.

Onaning ahvoli ancha yaxshi. U operatsiya stolidayoq to‘rt nafar bolasi, ya’ni ikki nafar o‘g‘il va ikki nafar qizaloqni bag‘riga oldi. Bolalarni parvarishlashda bevosita o‘zi ishtirok etmoqda. Bu kunni orziqib kutgan oila a’zolari ham xursand. Nafaqat ular, balki markaz shifokorlari ham go‘daklarni ona qo‘liga topshirishda hissa qo‘shishganidan juda xursand. Darhaqiqat, mehnat samarasini ko‘rganda har qanday mashaqqatlar unutiladi.

Darvoqe, o‘sha kuni yana bir mo‘’jiza ketma – ket yuz berdi. Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi Javdat va Umida Mamadiyevlar oilasi 7 yildan buyon farzand kutayotgan edi. Sabrning mevasi sifatida bir emas, 3 nafar farzand, ya’ni bir o‘g‘il va ikki qizaloq ota-ona bag‘rini to‘ldirdi. Umida Mamadiyeva ham Respublika Perenatal markazida rejali ravishda tug‘ruqqa tayyorlandi. To‘liq tarkibdagi guruh ish olib bordi. Hozirda bolalarning ahvoli yaxshi. Ona bolalar parvarishi bilan mashg‘ul.

Ayni paytda chaqaloqlar ham, onalar ham Sog‘liqni saqlash vazirligi nazorati ostida bo‘lib, ularga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Bekobod egizak farzand

Baholaganlar

280

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing