AQSH bo‘ylab O‘zbekistonning turizm salohiyati targ‘ib etildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan AQSHdagi o‘zbekistonliklar ishtirokida Navro‘z bayrami munosabati bilan bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Matbuot xizmatining ma’lumotlariga tayanib O‘zA xabar bermoqda.

Xabarga ko‘ra, Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar AQSHning Pensilvaniya, Kaliforniya, Vashington va Illinoys shtatlarida keng nishonlangan. Tadbirlar doirasida O‘zbekistonning turizm salohiyati targ‘ib qilindi.

Tadbirlarda 5 mingdan ortiq ishtirokchilar qatnashdi. Jumladan, AQSHda istiqomat qilyotgan o‘zbeklar, mahalliy aholi, turoperatorlar ishtirok etishdi.

Pensilvaniya shtati Bensalem shahrida ilk bor Navro‘zga bag‘ishlangan xalq sayli tashkil etildi. Tadbir davomida, so‘zga chiqqan AQSH Kongressi a’zosi Brian Fitzpatrik, Pensilvaniya shtati senatori Jon Sabatina, Bensalem shahar meri Jozep di Girolamo va boshqalar barcha o‘zbekistonliklarni Navro‘z bayrami bilan tabriklab, O‘zbekistonning boy madaniyati, tarixi, urf-odatlari, an’analari va turizm salohiyatini yuqori baholashdi.

Illinoys shtati Chikago shahrida sumalak, ko‘ksomsa, palov va boshqa taomlar tayyorlanib, tadbir ishtirokchilarga ulashildi. Shuningdek, o‘zbek xalq xunarmandchiligi namunalari namoyishga qo‘yildi hamda O‘zbekistonning turizm salohiyatini aks ettiruvchi targ‘ibot materiallari tarqatildi.

Kaliforniya shtati San-Fransisko shahrida Navro‘z bayrami davomida O‘zbekiston milliy madaniyati markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida kurash musobaqalari tashkil etildi va mahalliy aholi o‘zbek madaniyati, an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekistonning gastronomik turizm imkoniyatlarini ommalashtirish maqsadida milliy oshxona brendi ostida turli milliy taomlar tayyorlanib, tadbir ishtirokchilariga tortiq etildi.

Vashington shtatida “Sietl-Toshkent” birodarlar assotsiatsiyasi ko‘magida milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar namoyish etildi. Bundan tashqari, tadbir doirasida Sietl shahridagi o‘zbeklarO‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib etishdi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda joriy etilgan yangi viza turlari (Vatandosh, Student visa, Academic visa, Medical visa, Piligrim visa) haqida ma’lumotlar berildi.

O‘tkazilgan barcha tadbirlar doirasida “O‘zbekistonga sayyohat qil!” shiori ostida O‘zbekistonning mashhur shaharlari, jumladan, Xiva, Buxoro va Samarqand aks ettirilgan 1000 dan ortiq avtomobillarga yopishtirish uchun mo‘ljallangan yorliqlar o‘zbekistonliklarning shaxsiy avtomashinalariga o‘rnatildi.

Shu o‘rinda, alohida ta’kidlash joiz, O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Vatandosh” O‘zbek-Amerika federatsiyasi hamkorligida, 2019 yil mart-aprel oylarida AQSHda O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan bir qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-AQSh

Baholaganlar

7

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing