Abdulla Aripov Turkiya davlati tashkil topganining 96 yilligi marosimida qatnashdi

Jamiyat

image

Kecha, 29 oktyarbr kuni Turkiya Respublikasi tashkil topganiga 96 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Turkiya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi tomonidan “Hyatt Regency” mehmonxonasida rasmiy qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Turkiya Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirok etdi. 

Marosim avvalida ikki mamlakat madhiyalari yangradi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Turkiya Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Erni Respublika kuni bilan samimiy qutladi. 

Elchi so‘z olarkan, bugun O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari ikki mamlakat rahbarlarining boshchiligida kun sayin rivojlanib borayotgani, sohalarda hamkorlik kengayayotgani, ayniqsa, savdo hajmi ortib borayotganini qayd etdi. Mushtarak tarix, til, din, madaniyat va strategik maqsadlar ikki mamlakatning do‘stligini yanada mustahkamlab borayotgani ta’kidlandi. 

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi joriy yil Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a’zo bo‘ldi. Turkiya elchisi O‘zbekistonning ushbu qarori Turkiya davlati va rahbariyati tomonidan mamnuniyat bilan qarshilanganini ma’lum qildi. E’tiborli jihati shundaki, elchi minbar 10 daqiqadan ortiq davom etgan nutqini to‘liq o‘zbek tilida, tushunarli va ravon o‘qib eshittirdi.

Shuningdek, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Respublika kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigi ham o‘qib eshittirildi. 

Marosimda Turkiyadan tashrif buyurgan taniqli pianino sozandasi Tuluyhan Ug‘urluning konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. 

Ma’lumot uchun, Turkiya Buyuk Millat Majlisi (parlamenti) 1923 yilning 29 oktyabrida Turkiya Respublikasi tuzilganini e’lon qilgan edi. Mustafo Kamol Otaturk mamlakatning birinchi Prezidenti bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Turkiya Abdulla Aripov Mehmet Surayyo Er

Baholaganlar

29

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing