Abdusalom Azizov JCH-2022 saralashi oldidan futbolchilar bilan uchrashdi

Sport

image

Yaqin orada futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionati-2022 saralashining ikkinchi bosqichi doirasidagi o‘yinlarini o‘tkazadi. Olimpiyachilar esa Tokio-2020 yo‘llanmasini taqdim etuvchi qit’a birinchiligiga hozirlik olib bormoqda.

Hozirda har ikki terma jamoa ham poytaxtda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati ikkala terma jamoa futbolchilari va murabbiylar shtabi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Prezidenti – Abdusalom Azizov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi – Abdujabbor Abduvohidov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri – Dilmurod Nabiyev, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti – Rustam Shoabdurahmonov hamda O‘FA Birinchi vitse-prezidenti – Ravshan Ermatov ishtirok etdi.

Milliy va olimpiya terma jamoa a’zolari bilan ochiq va samimiy suhbat tarzida kechgan uchrashuvda Rustam Shoabdurahmonov hamda Abdujabbor Abduvohidov har ikki terma jamoadan ham muxlislar yuksak natijalar kutayotganini ta’kidlab, terma jamoa vakillaridagi kayfiyat qanday ekani bilan qiziqdi va bo‘lajak o‘yinlarda omad tiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Prezidenti Abdusalom Azizov futbolchilarga murojaat qildi.
O‘z navbatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ustozi Ektor Kuper ayni paytda terma jamoa ixtiyorida bo‘lgan futbolchilarning harakatlari va jismoniy holatidan ko‘ngli to‘layotganini ta’kidlab,  bosh maqsad – mundial yo‘llanmasi qo‘lga kiritilishi yo‘lida birgalikda mehnat qilishini alohida qayd etdi.
Qolaversa, Olimpiya terma jamoa bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich ham olimpiyachilar qit’a chempionatiga jiddiy hozirlik olib borayotgani, barcha yigitlar oldilaridagi mas’uliyatni to‘la his etib, mashg‘ulotlarda qattiq ter to‘kayotganini aytib o‘tdi.

Futbolchilar nomidan so‘zga chiqqan ikkala jamoa sardori Odil Ahmedov hamda Islom Qobilov terma jamoa a’zolarining barchasi oldinda turgan muhim uchrashuvlarga har jihatdan tayyor ekanini, muxlislar orziqib kutayotgan maqsad yo‘lida tinmay mehnat qilinishini bildirdi va bu yo‘lda bor kuch-mahorat ishga solinishiga va’da berdi.


Maqola muallifi

Teglar

O'FA futbol

Baholaganlar

59

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing