Sudoche ko‘lida sodir bo‘lgan yong‘in sabablari ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Kecha, 5 iyul kuni Qoraqalpog‘iston hududida joylashgan Sudoche ko‘lida yong‘in sodir bo‘lganligi haqida xabar bergan edik.

 

Ma’lum bo‘lishicha, Respublikaning shimoli-g‘arbida joylashgan mazkur ko‘lda yong‘inning yuz berishiga tabiiy ofat sabab bo‘lgan.

Sudoche ko‘liga egalik qiluvchi “Muynak akva sanoat” DUK rasmiylarining xabar qilishicha, yong‘in ko‘lning suvi yo‘q yoki sayoz joylardagi qamishzorlarda sodir bo‘lgan. Yong‘in 4 iyul kungi chaqmoq urishidan keyin boshlangan va kelgusi kuni ham kechgacha davom etgan. Olov shamol kuchi bilan vaqti-vaqti kuchayib, ko‘lami kengayib borgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Turg‘anbay Xojanazarovning ta’kidlashicha, hozirda Sudoche ko‘liga yong‘inning tabiatga yetkazgan zararini aniqlash uchun guruh jo‘natilgan.

Ta’kidlab o‘tish joiz, yong‘in haqida mutasaddi organlar ijtimoiy tarmoqlarda foto va videolar tarqagandan so‘ng xabar topgan.

Flamingo qushlari bilan mashhur bo‘lgan mazkur ko‘lda 240ga yaqin doimiy yashovchi va ko‘chmanchi qushlar turlari qayd qilingan.

Bu ko‘llar tizimi qushlarning uya qo‘yish, uchib o‘tuvchi qushlarning dam olish, uchish oldidan oziqlanish o‘rni bo‘lib xizmat qiladi.

Sudoche ko‘llar tizimida O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kirgan 40 turdagi qushlarning 30 turi, Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro tashkilotining “Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi turlarning Qizil ro‘yxati”ga kiritilgan 24 turdagi qushning 18 turi yashaydi.

“Sudocheda joriy yilda suv kam bo‘ldi. Suvsizlikdan qurg‘ab turgan qamishlar tezda alanga olib ketgan bo‘lishi mumkin. Hozirgi paytda ko‘chmanchi qushlar shimolga uchib ketgan. Bu yong‘inning hayvonot olamiga aytarlik zarar qilmaganligiga umid qilamiz”, deydi “Mo‘ynoq akva sanoat” DUK direktori Ruslan Mambetkadirov.

Sudoche ko‘lida har yili mahalliy aholi tomonidan kuz oylarida yangi qamish o‘sib chiqishi uchun qamishzorlar yoqib turilgan, chunki, yangi qamish mol uchun ozuqa manbai hisoblanadi. Mo‘ynoq tumani hududida har turdagi qamish xom ashyosidan DVP, DSP mahsulotlarini ishlab chiqaradigan korxonalar qurilishi boshlanishi bilan qamishzorlarni yoqib yuborish rasman ta’qiqlandi. Agar shunday holat yuz berib, atmosfera havosi ifloslanishiga olib kelinsa, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy-javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan 608 ming 190 so‘mdan 1 million 13 ming 650 so‘mgacha jarima solinishi, agar buning oqibatida yong‘in kelib chiqsa, 1 million 419 ming 110 so‘mdan 2 million 27 ming 300 so‘mgacha jarima qo‘llanilishi belgilangan.

Mo‘ynoq tumani hududidagi ko‘llar qamishzorlarga boy. O‘zbekiston Respublikasida mavjud qamishzorlar maydonining 57%, Qoraqalpog‘iston Respublikasida mavjud qamishzorlar maydonining 78% Mo‘ynoq tumaniga to‘g‘ri keladi.

 


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Sudoch'e ko'li

Baholaganlar

24

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing