Prezident agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashga oid qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 4 aprel  kuni “Agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan o‘z vaqtida ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori

So‘nggi yillarda respublikamizning agrar sektorini xalqaro standartlarga muvofiq hamda mamlakat hududlarining tabiiy iqlim va tuproq sharoitlariga javob beradigan zamonaviy mahalliy va xorijiy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlash bo‘yicha faol chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, birgina 2018 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga, birinchi navbatda, fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishni tashkil etuvchilar va klasterlarga 33,7 mingdan ortiq qishloq xo‘jaligi texnikasi yetkazib berildi. Bu esa 2017 yilgi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslaganda 1,5 baravarga ko‘p.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, mavjud qishloq xo‘jaligi texnikalarining 25 foizidan ortig‘i 15 yildan ortiq muddat mobaynida ekspluatatsiya qilinmoqda, shu bois qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini sifatli va arzon texnikalar bilan ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda va davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlashni taqozo etadi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini sifatli qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, ushbu jarayonga tijorat banklarining moliyaviy mablag‘larini jalb etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining qishloq xo‘jaligi sohasidagi korxonalarning qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin:

mahalliy g‘alla o‘rish va paxta terish texnikalarini yetkazib berishni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining 50 foizidan oshmagan foiz stavkasi bo‘yicha va qaytarilish muddati xarajatlar qoplanishi muddatiga qarab 7 yildan 10 yilgacha bo‘lgan qarz mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi hamda moliyalashtirish hajmi Jamg‘arma daromadlari va xarajatlarini shakllantirishda belgilanadi;

qishloq xo‘jaligi sohasidagi korxonalarning g‘alla o‘rish va paxta terish texnikasidan tashqari, respublikada ishlab chiqarilgan barcha turdagi traktorlar, g‘alla va paxta seyalkalari, shuningdek, uch yoki undan ortiq omoch korpuslarini xarid qilish uchun kredit va lizing shartnomalari bo‘yicha foiz xarajatlari tijorat banklari va lizing kompaniyalari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 10 foizlik punkti miqdorida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Bunda foiz xarajatlarini qoplashning ushbu miqdori O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining o‘zgarishiga qarab Moliya vazirligi tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

a) 2019 yilda eksperiment tariqasida Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan paxta terish ishlariga jalb qilinadigan paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanganlik uchun xarajatlarning 30 foizini qoplab berishni ta’minlasin;

b) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda paxta terish mashinalari xizmatiga haq to‘lash xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha eksperiment natijalari asosida 2019 yil 1 dekabrga qadar ushbu amaliyotni mamlakatning boshqa hududlariga tatbiq etish yuzasidan asoslantirilgan takliflarni kiritsin;

v) 2019 yil 20 aprelga qadar:

mazkur qarorda nazarda tutilgan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

“O‘zagrolizing” AJ, “O‘zmashlizing” MCHJ va qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi 2018 yilning IV choragida lizing asosida yetkazib berilgan texnikalar uchun o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishga 155,6 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ajratilishini ta’minlasin.

3. AT “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” ATB ning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki va “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy holatini yaxshilash hamda faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3694-son qaroriga muvofiq ularning ustav kapitaliga yo‘naltirilgan mablag‘larning 30 foizini 2019 yilda mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish uchun maqsadli kreditlar ajratishga yo‘naltirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

4. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini sotishdan tushgan mablag‘lar 2020 yil 1 yanvarga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilsin.

Belgilansinki, 2020 yil 1 yanvarga qadar lizing kompaniyalari va tijorat banklari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i lizing xizmatlari qismida qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilingan, shu jumladan, import qilingan lizing ob’ektini sotib olish narxi va sotish narxi o‘rtasidagi ijobiy farqdan hisoblanadi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda qishloq xo‘jaligi texnikalari mahalliy ishlab chiqaruvchilariga yillik 5 foiz stavkada, shu jumladan, tijorat bankining 1 foiz marjasini inobatga olgan holda maqsadli kreditlar ajratish uchun 50 million AQSH dollarini tijorat banklariga ularning buyurtmanomalari asosida ikki yil muddatga depozit sifatida joylashtirsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

bir oy muddatda 2019-2021 yillarda mahalliy ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizing asosida yetkazib berishni moliyalashtirish maqsadida har yili 100 million AQSH dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining uzoq muddatli imtiyozli kredit liniyalari jalb qilinishini ta’minlasin;

mamlakatda qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun ehtiyot va butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan investitsiya loyihalarining jadal amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring o‘rnatsin va bunda “O‘zagrotexsanoatxolding” AJga amaliy yordam ko‘rsatsin.

7. “O‘zagrotexsanoatxolding” va “O‘zagroservis” aksiyadorlik jamiyatlari hamda ularning tarkibiga kiruvchi korxonalar boshqaruv organlari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tanlov asosida eng yaxshi takliflarni ajratib olish yo‘li bilan:

“O‘zagrotexsanoatxolding” AJning xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitali (fondi)dagi ulushlarini korxonalarning asosiy faoliyati turini saqlab qolish sharti bilan 1-ilovaga muvofiq;

hududiy “Agroservis MTP” MCHJning mashina-traktor parklari ustav kapitali (fondi)dagi ulushlarini tadbirkorlik sub’ektlariga baholash qiymatida mashina-traktor parklarining asosiy faoliyati turi (mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatish)ni saqlab qolish va 5 yil muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan 2-ilovaga muvofiq sotish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

8. Belgilab qo‘yilsinki:

“O‘zagrotexsanoatxolding” AJning xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitali (fondi)dagi ulushini 1-ilovaga muvofiq sotishdan tushgan mablag‘lar “O‘zagrotexsanoatxolding” AJning investitsiya loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi;

mashina-traktor parklari sotilmagan taqdirda, boshlang‘ich narxni ular sotuvga qo‘yilgan sanadan ikki oy o‘tgach har 15 kunda bosqichma-bosqich 10 foizga kamaytirish mexanizmini qo‘llagan holda, ammo nominal qiymatdan kam bo‘lmagan narxda ommaviy sotuvga qo‘yiladi.

9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xo‘jalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi ulushlarni baholash hamda ularni sotish bo‘yicha tanlovlarni e’lon qilish va o‘tkazishda shaffoflikni ta’minlashda “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ va “O‘zagroservis” AJga har tomonlama ko‘maklashsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni kengaytirish hamda 2021 yilning oxiriga barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishda mahalliylashtirish darajasini kamida 40 foizga yetkazishni nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ, “O‘zagrolizing” AJ tijorat banklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan birgalikda bir oy muddatda mahalliy ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish bo‘yicha buyurtmalar portfelini shakllantirsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida moliyalashtirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, shuningdek, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari ushbu qaror qoidalarining keng yoritilishini ta’minlasin.

14. “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
Shavkat Mirziyoyev 

Toshkent shahri,
2019 yil 4 aprel

 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Prezident qarori Agrar sektor

Baholaganlar

3

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing