Bishkekda vaziyat jiddiylashyapti. Namoyishchilar parlament binosiga bostirib kirishga urindi (video)

Olam

Avvalroq, Bishkekda Qirg‘iziston parlamenti uchun o‘tkazilgan saylov natijalariga qarshi norozilik namoyishlari boshlangani haqida xabar bergan edik. Namoyishni Qirg‘iziston sotsial-demokratlari partiyasi tarafdorlari uyushtiryapti.

Qirg‘iziston poytaxtidagi namoyishlar tartibsizliklarga aylanib, bir qancha radikal guruhlar parlament hududiga bostirib kirishga urinib, darvoza va panjaralarni buzgan. Ularni qo‘riqchilar to‘xtatgan.

Shahar markaziga qo‘shimcha militsiya kuchlari tashlangan. OMON namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va ovozli granatalardan foydalangan. Bu haqda “AKIpress” xabar berdi.

Ammo bunga javoban namoyishchilar yo‘lkalardagi toshlarni olib, kuchishlatar tuzilma xodimlariga qarata ota boshlagan. Natijada ikki militsiya xodimi va deputat jarohatlangan.

Ma’lumot o‘rnida, kecha, 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda ro‘yxatdan o‘tgan 3,5 million saylovchining 1,98 millioni yoki 56,2 foizi qatnashgan. 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rtta siyosiy partiya 7 foizlik barerdan o‘tib, mamlakatning eng yuqori qonun chiqaruvchi organining yangi tarkibiga kirishi mumkin. Bular “Birlik” (24 foiz), “Makonim Qirg‘iziston” (24 foiz), “Qirg‘iziston” (8 foiz) va “Butun Qirg‘iziston” (7 foiz) partiyalari.

Ovoz berishning rasmiy natijalari byulletenlarni qo‘lda sanab chiqilib, yakuniy bayonnomalar MSKga topshirilgandan keyin 20 kun ichida e’lon qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

namoyish Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

396

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing