Kameralardan tinimsiz “soqqa” qilayotgan YHXBBning o‘zi pochtadan qarz

Jamiyat

image

Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi “O‘zbekiston pochtasi”dan  37,52 mlrd so‘m qarz. QALAMPIR.UZ’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, “O‘zbekiston pochtasi” AJ IIV YHX bilan sudlashgan.

Ish hujjatlaridan ko‘rinishicha, taraflar o‘rtasida 2023 yil 28 aprelda 1-sonli xizmat ko‘rsatish shartnomasi tuzilgan bo‘lib, unga ko‘ra, ijrochi “O‘zbekiston pochtasi” buyurtmachi YHXBBning yo‘l harakati qoidalari buzilganligi bo‘yicha jarimalar qo‘llash haqidagi qarorlarini elektron shaklda taqdim qilish va xizmatlar haqini to‘lash, ijrochi esa bunday qarorlarni qabul qilish, chop etish, yetkazib berish va yetkazib berilganligi bo‘yicha axborot almashish xizmatlarini ko‘rsatish majburiyatini olgan. Shartnomaning 1-ilovasi bilan ko‘rsatiladigan xizmatlarning kalkulyatsiyasi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, 1 mln 450 ming dona qaror, 6 000 so‘mdan, jami 8 mlrd 700 mln so‘m bo‘lishi yozilgan. Shartnomaning 3.1-bandiga asosan shartnoma bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlarning miqdori QQS bilan 8 mlrd 700 mln so‘mni tashkil etgan.

“Taraflar o‘rtasida tuzilgan 1-sonli qo‘shimcha kelishuv asosida shartnoma qiymati 9 mlrd 900 mln so‘mga, 2-sonli qo‘shimcha kelishuvga asosan 15 mlrd 900 mln so‘mga oshirilgan. Shartnoma va qo‘shimcha kelishuvlar shartlariga asosan da’vogar tomonidan 2023 yilning yanvar-sentyabr oylarida javobgarga jami 8 mln 903 ming 443 dona ma’muriy qarorlar bo‘yicha ya’ni 53 mlrd 420 mln 658 ming so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, javobgar tomonidan xizmatlarning 15 mlrd 900 mln so‘mlik qismi to‘langan. Natijada 37 mlrd 520 mln 658 ming (53 420 658 000 - 15 900 000 000) so‘m qarzdorlik yuzaga kelgan”, deyiladi hal qiluv qarorida.

Shartnoma bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish borasidagi majburiyatlari javobgar tomonidan bajarilmaganligi asosida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi da’vogar “O‘zbekiston pochtasi” AJ manfaatida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar hisobidan da’vogar foydasiga 20 mlrd 449 mln so‘m asosiy qarz va 2 mlrd 263 mln 469 ming 640 so‘m penya undirishni so‘ragan.

Keyinchalik da’vogar vakillari sudga palata orqali rasmiylashtirilgan da’vo arizasiga qo‘shimcha taqdim etib, unga ko‘ra, taraflar o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblar da’vo summasining asosiy qarz qismi 34 mlrd 520 mln 658 ming so‘mga ko‘paytirilgan, da’vo arizasining qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan va sudning ajrimi bilan da’vo arizasiga qo‘shimcha ish yuritishga qabul qilingan. Ajrimda yozilishicha javobgar tomoni sud majlisida qatnashib, qarzdorlik mavjudligini tan olgan.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi javobgar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi hisobidan da’vogar “O‘zbekiston pochtasi” AJ foydasiga 37 mlrd 520 mln 658 ming so‘m asosiy qarz undirish, da’vogarning 2,2 mlrd so‘mdan ortiq penya undirishga doir talabini rad etish to‘g‘risida yakuniy qarori e’lon qildi.

Shuningdek, hal qiluv qaroriga ko‘ra, Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi hisobidan Respublika byudjetiga 750 mln so‘m, “O‘zbekiston pochtasi” AJ hisobidan esa 45,2 mln so‘m davlat boji undirish belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made