Anomal issiq: yoz yondiradimi?

Intervyu

O‘tgan qish anomal sovug‘i bilan yodimizda qoldi. Kuzatilayotgan sel, yomg‘ir, do‘l, chang bo‘ronlariga-ku o‘rganib ham qolyapmiz. Bahorning ilk oylari yozdek boshlangani bilan aprel oyining ilk haftasi yog‘ingarchiliklarga boy bo‘ldi. Bahorning keyingi oylaridagi havo harorati, sel, do‘l va chang bo‘ronlari, kelayotgan yozning jaziramasi haqida Gidrometeorologiya xizmati markazi direktori Sherzod Xabibullayev bilan suxbatlashamiz.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Bahorning ilk oylari yozdek boshlandi. Aprel-may oyida yog‘ingarchiliklar kuzatiladimi?

Sherzod Xabibullayev, Gidrometeorologiya xizmati markazi direktori: — Qishning sovuq kunlaridan keyin hozirgi havo issiqdek tuyuldi. Aslida havo haroratida katta o‘zgarish yo‘q. Yog‘ingarchiliklar esa doimgidan ko‘proq, albatta. Aprel oyida yog‘ayotgan yomg‘irlar va ko‘p yillik ma’lumotlarni solishtirganda, bugungi ob-havoni bahoriy deb atasak bo‘ladi. Aslida, bahor, kuz havolari tong va tunda salqinroq, kunduzi issiqroq bo‘lishi kerak.
Aprelning dastlabki 15 kunida hozirgidek yog‘ingarchiliklar kuzatiladi. Bir narsani aytish kerak, hozirgi ob-havo anomalga kirmaydi. 15 apreldan keyin siklon kelsa, albatta, ogohlantiriladi. Hozirgi prognozlarimiz esa 15 kun yog‘ingarchilik, undan keyin esa havo isishini ko‘rsatmoqda.

F.N.: Anomal so‘zining ma’nosi nima, anomal deganda qanday ob-havo nazarda tutiladi?

Sh.X.: — Qish faslida anomal so‘zini juda ko‘p muhokama qildik. Agar qonunchilikka e’tibor qaratadigan bo‘lsak, anomal: doimiy haroratdan o‘rtacha 8 daraja plyus yoki minusga farq qilishiga aytiladi.

F.N.: — O‘zbekistonda fasllarning o‘z vaqtida bo‘lmasligining asosiy sababi nima?

Sh.X.: — Fasllarning vaqtida bo‘lmasligi, havo haroratining o‘zgarib ketishi umumiy iqlimiy muammo bilan bog‘liq. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoning muammosidir. Shuningdek, yaqin qo‘shnilarimizda kuzatiladigan ob-havo ham bizga ta’sir qilmaydi deb aytolmaymiz. So‘nggi uch yillik kuzatishlar haqida aytadigan bo‘lsak, biz anomal deb nomlagan sovuqlar o‘z vaqti va faslida, ya’ni qishda bo‘ldi.

F.N.: — Bizni chang bo‘ronlar, sellar kutyaptimi?

Sh.X.: — Sel 15 aprelgacha kelishi prognoz qilingan. Sel kelishi qor va muzliklarga qarab o‘lchanadi. Albatta, yana qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladi. 
Chang esa, quruqchilik boshlangandan keyin kuzatiladi. Birinchi shamol bo‘lib o‘tadi undan keyin chang ko‘tariladi. Prognozlarga e’tibor bersak, chang kunlar isigandan keyin ko‘tarilishini ko‘rish mumkin.

F.N.: — Chang bo‘roni bo‘lib, havo ifloslanganda ko‘pchilik buni Toshkentdagi daraxtlarning kesilishi, pala-partish qurilishlar bilan bog‘laydi. Avval ham chang bo‘ronlari bo‘lgan va o‘sha vaqtlarda ham ifloslanish darajasi hozirgidekmidi?

Sh.X.: — 2021 yilga qadar prognozlarda shamol haqidagi ma’lumotlar berilmagan. Chang haqida ma’lumotlar berilmagan. Endi prognozlarga chang ham qo‘shildi. Shu vaqtga qadar shamol, momaqaldiroq va boshqalar haqida ogohlantirilgandi. 2021 yilda sodir bo‘lgan chang bo‘ronidan keyin hammaning e’tibori changga qaradi. 

Kuchli chang bo‘roni bo‘lishiga, albatta, bir nechta sabablar bor. Chang ko‘tarilishi hamma narsaga bog‘liq. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, qurilishlar, avtomobil yoqilg‘isi, daraxtlar kesilishi barchasi bir-biriga aloqador. O‘zi Respublikamizda eng katta chang bo‘roni 1970 yilda sodir bo‘lgan va 6 soat davom etgan. Oradan ancha yil o‘tib, 2021 yilda kunlab davom etgan chang bo‘roni kuzatildi.

F.N.: — Bu yilgi yoz qanday keladi nimalarga tayyor bo‘lishimiz kerak?

Sh.X.: — Yoz fasli issiq bo‘ladi. Lekin anomal degan so‘zni ishlatish hali erta. Anomal oldindan beriladigan prognoz emas. O‘tgan yili havoning isishi bo‘yicha rekord daraja qayd etildi. Hamma faslga tayyorgarlik ko‘rgandek, yozning jaziramasiga ham hozirlikni boshlashimiz zarur. Qish qattiq keldi degani, yoz ham anomal bo‘ladi degani emas. Albatta, fasl yaqinlashgani sari prognozlar o‘tkaziladi va yanada aniq ma’lumotlar beriladi.

Gidrometeorologiya xizmati markazi direktori Sherzod Xabibullayev bilan to‘liq intervyuni QALAMPIR.UZ'ning YouTube sahifasida tomosha qiling.


Maqola muallifi

Teglar

ob-havo Gidrometeorologiya anomalyoz uzgidromed

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing