Bir paytlar jinoyat figuranti bo‘lganlar hozir hokim

Intervyu

Ko‘pincha u yoki bu vazirlikning xodimi jinoyat sodir etgani, o‘zi huquq himoyachisi bo‘lsa ham qotillikka qo‘l urgani yoki birovning ayoliga ko‘z olaytirib, jinoyat ishi figurantiga aylanganlar haqida eshitib qolamiz. Ammo bu haqidagi ma’lumotlar rasman e’lon qilinmaydi, odamlar orasidagi gapligicha qoladi. Shu boisdir ba’zan vazirlik va idoralarning xodimlari biror gap bo‘lsa tizimning o‘zi meni himoya qilib oladi qabilida ish tutib, jinoyatdan uzoq turmaydi. Tizim ham minglab xodimlar sharmanda bo‘lmasligi, jamoatchilik orasida obro‘sizlanmasligi uchun haligi jinoyatchi xodimni himoya qilib, uning qilmishi haqida miq etmaydi. 

Xo‘sh, tizimlar xodimini haq-nohaq holatda himoya qilishi, tizimning obro‘sini saqlash uchun jim turishi, ko‘z yumishi, jirkanchligini yashirishi boshqa xodimlarda “baribir meni himoya qiladi” degan fikrni keltirib chiqarmaydimi? Qaysidir tizim yil oxirida namunali deb topilishi uchun xalq ko‘plab qurbon berishi kerakmi? QALAMPIR.UZ aynan shu savol bilan “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga yuzlandi.  

“Rahbar xodimining qilmishlarini qo‘llab-quvvatlashi yoki biror holatga beparvolik qilishi ham ma’lum darajada qo‘llov bo‘ladi. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikda Adliya vazirligi nishonga tushib qoldi. Bir muammo ko‘tarilsa, qaysidir amaldorni obro‘siga soya soladi, kimningdir komfortini buzadi. Bu esa o‘z-o‘zidan keyingi xodimlarning ishlarini yopdi-yopdi qilishga olib keladi. Avvaldan IIV yoki boshqa vazirliklarda ham shunday hodisalar sodir bo‘lgan. Hozir “katta” hokim bo‘lib yurgan odamlar bir vaqtlar tergov izolyatorida homilador bo‘lib qolgan yoki zo‘rlangan ayollar ishi yuzasidan ochilgan jinoyat ishining figurantlari edi. 

Hozirgacha esimda 2011-2013 yillarda qamoqxonalarda ayollar homilador bo‘lib qolganidan uchrashuvga aynan homiladorlikning oldini oladigan dori ichirib chiqarilgan holatlar ham kuzatilgan”, deydi Abdurahmon Tashanov.

“Ezgulik” jamiyati raisining aytishicha, Xorazmda sodir bo‘lgan holat bir necha oy avval Oliy Majlis Senatida muhokama qilingan. Muhokama jarayonida senatorlar, Adliya vazirligi va Ombudsman vakili ham ishtirok etgan. O‘sha vaqtda jim o‘tirgan “kattalar” mavzu jamoatchilik tomonidan muhokama qilinganidan so‘ng hech narsa bilmagandek munosabat bildirishyapti.

“Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bilan videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing