Xiva Islom dunyosining turizm poytaxti nomini oldi

Jamiyat

image

Bakuda o‘tayotgan Islom hamkorlik tashkilotining XI sessiyasi doirasida ilk bor O‘zbekiston shaharlaridan biri – Xiva 2024 yil “Islom dunyosining turizm poytaxti” deya e’lon qilishga doir qaror qabul qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berdi. 

Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) g‘alabaning asosiy omillari sifatida viza rejimining soddalashtirilishi, madaniy merosni saqlash, tarixiy shaharlarni obodonlashtirish kabi ko‘plab islohotlarni e’tirof etgan. 

Shu o‘rinda Xiva shahrining tarixiy qiyofasi tiklanishi, restavratsiya va konservatsiyaga oid amalga oshirilgan ishlar, qolaversa, elektr ustunlarning demontaj qilingani, sayyohlarning katta oqimini qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar, infratuzilmaning yaxshilangani, 5 yulduzli mehmonxona qurilishi hamda butik-otel va hostellar qurilishi faol davom etayotgani alohida qayd etilgan. Bundan tashqari, turizm va unga yondosh sohalar tadbirkorlari uchun yaratilgan qulay sharoitlar yuqori baholangan. 

 “Islom dunyosining turizm poytaxti yili doirasida Xorazm viloyatining Xiva shahrida IHTga a’zo 57 davlatning turizm vazirlari va turistik ma’muriyatlari rahbarlarining yig‘ilishi yuqori darajada o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Islom olami va ziyorat turizmi salohiyatini ochib beruvchi ilmiy-amaliy anjumanlar, fotoko‘rgazmalar va art-ekspozitsiyalar bo‘lib o‘tadi. 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti bazasida IHT davlatlari olim va tadqiqotchilari ishtirokida ta’lim sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi”, deydi O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari – Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov. 

Islom dunyosining turizm poytaxti nominatsiyasiga 5 davlatdan shaharlar nomzodi qo‘yilgan bo‘lib, bular: 

•    Abu-Dabi (BAA); 
•    Shanliurfa (Turkiya);
•    Laos (Nigeriya);
•    Dushanbe (Tojikiston);
•    Xiva (O‘zbekiston).

Eslatib o‘tamiz, xorijiy mamlakatlar rahbarlarining O‘zbekistonga amalga oshirgan tashriflari ikkinchi kuni aynan Xivada kechayotgan edi. Joriy yilning mart oyining oxirida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shavkat Mirziyoyev va oilasi hamrohligida Xivaga borgan bo‘lsa, iyun oyida qo‘shni mamlakat – Tojikiston rahbari Imomali Rahmon Xivada yuksak hurmat va e’tibor bilan kutib olindi. Xiva shahrini ziyorat qilish Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning 21-22 iyun kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifidan ham o‘rin oldi. 


Maqola muallifi

Teglar

Xiva

Baholaganlar

92

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing