QALAMPIR.UZ'ning 4 nafar xodimi “O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan QALAMPIR.UZ internet nashrining to‘rt nafar a’zosi – QALAMPIR.UZ internet nashr asoschisi, jurnalist Qamariddin Shayxov, nashr Bosh muharriri Sunnatilla Abdullayev, Bosh muharrir o‘rinbosari Feruza Najmiddinova, mas’ul kotib-kontent menejer Aziz Turapov O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi esdalik nishoni bilan taqdirlandi. 

Bugun, 28 avgust kuni Milliy matbuot markazida esdalik nishon bilan taqdirlanganlarga mukofotlarni topshirishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov ishtirok etdi. 

Ma’lumot uchun, Qamariddin Shayxov jurnalistik faoliyatini 2004 yilda "O‘zbekiston" radiosida "Kelajak tongi" bolalar eshittirishida boshladi. 

2009-2010 yillarda Nodavlat elektron ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondida;

2010-2015 yillarda "Darakchi" gazetasida muxbir bo‘lib faoliyat yuritdi. 

2015 yilda O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomladi. Shu yilning o‘zida QALAMPIR.UZ loyihasiga asos soldi. 

Qamariddin Shayxov jurnalistik faoliyati davomida ijtimoiy-siyosiy, madaniy, ma’rifiy sohalar yuzasidan yuzlab maqolalar, o‘nlab ko‘rsatuv va intervyular tayyorladi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Almatov, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, olimlar, siyotsatchilar bilan o‘tkazgan suhbatlari keng auditoriyada katta qiziqish uyg‘otgan. Shuningdek, Qamariddin Shayxov 2017 yilda Turkiya Respublikasida bo‘lib, mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Baku meri Eldor Azizov bilan ham uchrashib, suhbatlashgan edi.  

Jurnalist jamiyatda uchrab turadigan muammolar - korrupsiya, ishsizlik, jinoyatchilik, davlat mulkini talon-taroj qilish kabi masalalarda o‘tkir chiqishlar qiladi. 

Ayniqsa, jurnalist inson huquqlari, gender tengligi, ayollar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, bolalar va nogironlar masalalari Qamariddin Shayxovning jurnalistik faoliyatida alohida o‘rin tutadi.


Sunnatilla To‘xtamurod o‘g‘li Abdullayev 1996 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Ma’lumoti – oliy. 2019 yilda Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti Sharq filologiyasi fakultetini tamomlagan. 

2017 yildan buyon  QALAMPIR.UZ internet nashrida faoliyat olib boradi.

2018 yilda “Oltin qalam” milliy mukofoti xalqaro tanlovida O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini eng yaxshi yoritgan jurnalist sifatida e’tirof etilib, mukofotlangan. 

2020 yilning mart oyidan buyon QALAMPIR.UZ internet nashri Bosh muharriri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. 

Feruza Murodulla qizi Najmiddinova 1992 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Ma’lumoti – oliy. 2011-2015 yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bakalavriatini, 2015-2017 yillarda magistraturani tamomlagan. 

Najmiddinova 2019 yilning mart oyidan buyon QALAMPIR.UZ internet nashri muxbiri o‘laroq faoliyat boshladi. Ayni vaqtda nashr Bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Inson huquqlarini ta’minlash, bolalar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamining huquq va erkinliklarini himoya qilish, ayollarga qarshi zo‘ravonlikka qarshi kurash, gender tengligini ta’minlash kabi masalalar Feruza Najmiddinova tayyorlagan maqola, lavha, intervyu va reportajlarning bosh mavzusi bo‘lib kelmoqda. 

Feruza Najmiddinova bugungacha jamoatchilik uchun muhim mavzularda 500 ga yaqin ijodiy ishlar – maqola, reportaj, lavha va intervyularni taqdim etgan. Ularning har biri o‘quvchilar orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, Najmiddinova qariyb 30 yil davomida mustamlakada bo‘lib kelgan Tog‘li Qorabog‘ning minalangan hududlariga kirib borgan birinchi o‘zbek jurnalisti sanaladi. Uning joriy yil may oyida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi muammoli hudud bo‘lgan Qorabog‘dan tayyorlagan jurnalistik materiallari o‘quvchilar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi. 

Uning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi – Gender tenglikni ta’minlash komissiyasi raisi Tanzila Norbayeva, Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva, IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Umida Abdullayeva, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha sobiq vakili Ulug‘bek Muhammadiyev o‘tkazgan suhbatlari dolzarbligi bilan alohida ahamiyatga ega.

Feruza Najmiddinova 2021 yil O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovida g‘olib bo‘ldi.

Aziz O‘tkir o‘g‘li Turapov 2000 yilda Navoiy viloyati Karmana tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – tugallanmagan oliy. Millati – o‘zbek. 

Ayni vaqtda Toshkent davlat texnika universiteti 4-kurs talabasi. 

2020 yil mart oyidan buyon QALAMPIR.UZ internet nashrida faoliyat yuritib kelmoqda.
 

 

Maqola muallifi

Teglar

QALAMPIR.UZ

Baholaganlar

58

Reyting

4.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made